Vazirni Qashqadaryodagi yangi institut faoliyati qoniqtirmadi


Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vaziri boshchiligidagi ishchi guruh Qashqadaryo viloyatida mavjud 6 ta oliy taʼlim muassasasini tanqidiy va tahliliy o‘rgandi.

Bugun natijalar yuzasidan masʼullar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda vazir A.Toshqulov viloyatdagi taʼlim muassasalarida sifatni oshirish, professor-o‘qituvchilar ilmiy salohiyatini ko‘tarish va talabalarga sifatli taʼlim sharoitlarini yaratish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilganini qayd etdi.

Qarshi davlat universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti Shahrisabz filiali faoliyatini tashkil etish ishlari eʼtirof etildi. Erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda mavjud muammolar tanqid qilindi.

Xususan, Qarshi davlat universitetining Pedagogika instituti faoliyati qoniqarsiz deb topilib, direktor, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari va o‘quv-metodik boshqarma boshlig‘iga masofaviy taʼlimni tashkil qilishda yo‘l qo‘ygan jiddiy kamchiliklari uchun hayfsan berildi.

Muammolarni bartaraf etish uchun uch oylik muddat qo‘yildi. Hududdagi barcha oliygohlarda taʼlim sifatini taʼminlashda bir qator jiddiy kamchiliklar mavjud ekani tilga olindi.