O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari nima sababdan xalqaro reytinglarda o‘rin olmagan?


O‘zbekiston universitetlari bugungi kunda jahonning nufuzli 100 yoki 200 talik reytinglari u yoqda tursin hatto 500 talik reytinglaridan ham o‘rin olmagani hech kimga sir emas. Asosiysi bu reytinglarga bir necha yillardan buyon e’tibor qaratmayotgan soha xodimlari, endilikda o‘z tashabbuslari bilan xalqaro reyting agentliklariga takliflar bilan chiqmoqda. Birgalikda turli tadbir va tanlovlarni tashkil etayotir. Ana shunday tadbirlardan biri 23-noyabr kuni Toshkentda o‘tkaziladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan Niderlandiyaning Elsevier kompaniyasi bilan hamkorlikda Scopus ilmiy-tahliliy ma’lumotlar bazasi versiyasi bo‘yicha eng samarali faoliyat ko‘rsatayotgan olimlarni tantanali taqdirlash marosimi tashkil etildi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida bo‘lib o‘tadigan ushbu tadbirda vazirlik va tashkilotlar rahbarlari, QS, Times Higher Education kabi dunyoning yetakchi reyting agentliklari direktorlari, Elsevier kompaniyasi rahbarlari, xorijlik mutaxassislar hamda oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirok etadi.

Tadbirga tashrif buyurgan QS reyting agentligining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Zoya Zaytseva O‘zA muxbiriga eksklyuziv intervyu berdi. Mazkur intervyu O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining axborot xizmati ko‘magida tashkil etildi.

– O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining yutuqlari haqida nima deya olasiz? Qaysi jarayon o‘zgartirishga muhtoj nazdingizda?

– Bu mening O‘zbekistonga ikkinchi tashrifim. Bir qator universitetlarda bo‘ldim. Eng birinchi ko‘zga tashlangan narsa bu universitetlarning bir jamoadek faoliyat olib borishi. Odatda dunyo oliy ta’lim muassasalarida o‘z tajribalarini o‘rtoqlashmaydi. Bu yerda juda do‘stona muhitni ko‘rish mumkin. Asosiy muammolarga to‘xtaladigan bo‘lsam, bu avvalo barcha sobiq ittifoq mamlakatlaridagidek kabi, xorijiy talabalar va xorijiy o‘qituvchilarning kamligi. To‘g‘ri, asta-sekin bu mamlakatlar ham dunyoga ochilmoqda. Biz uchun asosiy muammoni saytlar tug‘diradi. Chunki, ingliz tilidagi ma’lumotlar yangilanmaydi. Men kompaniyadagi rossiyalik sifatida ularni tushunishim mumkin. Ya’ni, rus tilidagi ma’lumotlarni o‘qiy olaman. Lekin, boshqa hamkasblarim uchun ingliz tilidagi ma’lumotlar yetarli emas. Bunga o‘zgartishlar kiritilishi kerak. Shu sababli ham O‘zbekiston universitetlarini jahonda kam bilishadi. Menimcha, ayni shu jabhada ko‘proq ishlash kerak.

– Bugun Markaziy Osiyoning, misol uchun Qozog‘istonning universitetlari reytingga kirgan. O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining unga kirmaganiga sabab nima deb o‘ylaysiz? Bu O‘zbekistondagi ta’lim sifati bilan bog‘liqmi yoki boshqa sababi ham bormi?

– O‘ylaymanki, universitetlaringiz yangi vazir kelgandan keyin reytinglarga qo‘shilish uchun harakatni boshladi. Bungacha hech qanday so‘rov bizga kelmagandi. Na kommunikatsiya maqsadida, na tadbirlarga va na tahlil bo‘yicha hech qanday taklif kiritilmagan. Qozog‘istonda ham shunday edi. Birinchi marta 2009 yilda biz u yerda ishlashni boshladik. Men universitetlar bilan gaplashgani kelganimda bironta universitet reytinglarda yo‘q edi. Keyin 2010 yilda Nazarboyev Qozog‘istonning 2 universitetini jahonning top-200 reytingiga kiritish vazifasini qo‘ydi. 2012 yilda bu ishning birinchi natijalarini ko‘ra boshladik. Gap shundaki, QS reytingini tuzishda asosiy indikatorlar 5 yil ichida taqdim etiladigan kumulyativ ma’lumotlardan foydalaniladi. Akademik nufuz, ish beruvchilar bahosi, Scopusning bibliometrik ma’lumotlari asosida tuziladi. Universitetlar bu ma’lumotlarni yig‘ishlari uchun kamida ikki yil kerak bo‘ladi. Oliy ta’lim muassasalari qachonki o‘zlari reytingdan o‘rin olishga astoydil kirishsa, bu harakatlar sekin-asta o‘z natijasini bera boshlaydi. Hozircha bu haqida gapirishga erta. Kumulyativ ma’lumotlar bizda yo‘q.


– Demak, O‘zbekiston ta’lim muassasalarining bu ro‘yxatda yo‘qligi ta’lim sifati bilan bog‘liq emas, balki ma’lumotlar taqdim etilmagan. To‘g‘rimi?

– Ha.

– Siz ikkinchi marotaba O‘zbekistondaman dedingiz. Aynan ta’lim sifati haqida shaxsiy bahoingizni bera olasizmi?

– Men ish beruvchilarning roziligini ko‘ryapman, xalqaro hamkorlikni ko‘ryapman. O‘zbekiston universitetlarining xalqaro miqyosga chiqishga bo‘lgan intilishlarini his qilyapman. Raqobat muhiti shakllana boshlabdi. Talabalar va o‘qituvchilar orasida eng bilimlilarini saralashga harakatlar boshlangan. Sifat haqidagi yana bir indikator deb hisoblash mumkin bo‘lgan jihatni aytib o‘tmoqchi edim. Ya’ni, bir qator Yevropa va Osiyoning nufuzli universitetlari o‘zlarining magistrlik dasturlariga O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarini olishga tayyorligini bildirmoqda. Bu O‘zbekistonda boshlang‘ich tayyorgarlik yomon emasligini ko‘rsatadi. Ko‘proq texnika, aniq fanlar yo‘nalishiga taalluqli, biroq ijtimoiy gumanitar sohalarda biroz qiyinroq.

– O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari qachon va qanday qilib xalqaro reytinglarga kira olishi mumkin? Siz qanday tavsiyalarni bera olasiz?

–Bu ma’lum bir universitet nimadan boshlashiga bog‘liq. Lekin, ko‘pgina universitetlar bir xil holatda bo‘lgani sababli men uchta asosiy jihatni aytib o‘tmoqchi edim. Shunda ham, kamida 4 yilda natija qo‘lga kiritilishi mumkin. Demak, birinchidan, xalqaro akademik hamjamiyat bilan hamkorlikni rivojlantirish, universitetlarni tanilish imkoniyatini oshirish, ikkinchisi ish beruvchi bilan munosabatlarni rivojlantirish, QS reytingida aynan ish beruvchining bitiruvchi haqidagi tasavvuri inobatga olinadi. Bizga ularning fikri muhim. Universitetlar ham ular bilan qiziqishi kerak, chunki bu bozor talablariga mos mutaxassis tayyorlamoqdami yo‘qmi shuni bilishga imkon yaratadi. Balki ular ish beruvchi bir yil mobaynida qayta o‘qitishi kerak bo‘ladigan xodimni tayyorlayotgandir.

Kar’yera markazlarini tashkil etish, o‘z bitiruvchilarini mentorlar sifatida jalb qilish, xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikni rivojlantirish kabi juda ko‘p tarmoqlar borki, ular eskicha yo‘nalishda saqlab qolingan. Asosiy elementlardan biri bu bibliometriya, biz bu yo‘nalishda ko‘proq SCOPUS bilan ishlaymiz. Agar universitet tomonidan SCOPUSda 50 dan kam material e’lon qilingan bo‘lsa, demak bu universitetni tahlil qilib ham o‘tirmaymiz. Agar istiqbol haqida gapiradigan bo‘lsak, yaqin yillar uchun qo‘yiladigan maqsad avvalo mintaqaviy reytingga kirish bo‘lishi kerak. Yaqinda Yevroosiyo reytingini chiqardik, lekin unda bironta o‘zbek universiteti yo‘q. Lekin, Toshkent davlat texnika universitetining harakatlari boshlanganini ko‘rdik, ular ovoz ola boshladi. Bu universitet olimlari xalqaro jurnallarda maqolalarini chop etmoqda, ulardan iqtibos keltirila boshlandi. Lekin, hali bular yetarlicha emas. Men taxmin qilamanki, hammasi yaxshi bo‘lsa, alohida shaxslar reytingga kirish amaliyotlarini bajarsa va moliyaviy ko‘mak berilsa yaxshi natijalarga erishish mumkin. Masalan, xalqaro konferensiyalarda ishtirok etish ham katta mablag‘ni talab etadi. Bunda faqat konferensiyalarda nimanidir o‘rganish emas, O‘zbekiston nimani taklif etayotganini ham namoyish etishi lozim.

–Ommaviy axborot vositalari ham ma’lum ma’noda universitetlar haqida fikr beruvchi indikator sanaladi. Keyingi vaqtlarda aynan O‘zbekiston oliy ta’limi haqida qanday xabar yoki yangiliklarni kuzatdingiz?

–To‘g‘risini aytsam juda kam. Men faqat shu yerga kelayotganim sababli internetdan qidirib ko‘rdim va O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumi o‘tganini, Prezident Shavkat Mirziyoyevning ta’limni rivojlantirishga qaratayotgan e’tibori va rektorlar bilan o‘tkazilgan yig‘inini o‘qidim. Lekin, shundan boshqa xabar o‘qimadim. Men bu xabarlarni ham mahalliy OAVdan oldim. Lekin, dunyoda afsuski, O‘zbekiston haqida ma’lumotlar kam. Men shu yerda aytmoqchimanki, O‘zbekiston professor-o‘qituvchilari va olimlari tomonidan maqola chop etish mumkin bo‘lgan bir qator resurslar bor. Masalan, bizning reyting natijalari e’lon qilinadigan topuniversities.com bir yilda 56 million kishi kiradi. Har qanday universitet u yerda profilga ega bo‘lishi mumkin. Unda o‘zi haqida ma’lumotlar berib borishi mumkin. Bu saytda biz qiziqarli ma’lumotlarni chop etib boramiz. Aytaylik, O‘zbekistonning qaysidir universitetida Hindistonlik talaba o‘qiydi. Uning tarixini biz e’lon qilishimiz mumkin. Bizda nega u O‘zbekistonni va nega aynan shu universitetni tanlagani berib boriladi. Universitetni mashhur ish beruvchi kompaniya bilan yaqin hamkorligi bo‘lsa, biz buni ham e’lon qilishga tayyormiz. Yoshlarga rektorni qaysidir markazni ochishi, yoki qaysidir tadbirni o‘tkazgani qiziq emas, ular o‘zlariga daxldor bo‘lishi mumkin bo‘lgan narsalarni o‘qiydi. Xalqaro talabalar esa ulardan biri. Yoki o‘qituvchilar va ish beruvchilarni fikrlari ham ularga qiziq bo‘lishi mumkin.

–Jahon reytingiga kirishda afsuski aynan Markaziy Osiyo va Kavkaz universitetlarini reytinglarda nisbatan pastroq o‘rinlarda turganini ko‘ramiz sabab yoki umumiylik nimada?

–Bu avvalo tarix bilan bog‘liq. Bu mintaqa uzoq vaqt mobaynida yopiq edi. Ikkinchidan, xalqaro hamkorlikka ehtiyoj yo‘q edi. Ittifoq doirasida mutaxassis tayyorlansa yetarli edi. O‘zbekiston-Rossiya, O‘zbekiston-Qozog‘iston kabi mintaqaviy hamkorlikka ustuvorlik berilar edi. Fan ta’limdan ajratilgan, fanlar akademiyasi barcha respublikalarda bir xil maqomda. Ya’ni fan alohida, ta’lim o‘z holicha ketardi. Bugungi kunga kelib bu jarayon o‘zgardi. Lekin, natijalar birdaniga qo‘lga kiritilmaydi.

Manba: edu.uz