O‘zbek-belorus qo‘shma fakultetida beloruslik professorlar talabalarga dars bermoqda


Joriy o‘quv yilidan Toshkent davlat pedagogika universitetida Innovatsion pedagogika o‘zbek-belorus qo‘shma fakulteti tashkil etilgan edi.

Shu yilning 21 yanvar kuni Innovatsion pedagogika qo‘shma fakultetiga Belarus davlat pedagogika universiteti professor-o‘qituvchilar Nikolay Poplavskiy va Yelena Komkovalar tashrif buyurishdi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, beloruslik professorlar talabalarga o‘quv mashg‘ulotlar, seminar-treninglar o‘tkazishmoqda va mashg‘ulotlari yakunida ulardan yakuniy nazorat imtihonlarini ham olishadi.

Joriy o‘quv yilining oktyabr oyidan o‘zbek-belorus qo‘shma fakultetida BDPU professor-o‘qituvchilari tomonidan Psixologiya tarixi va Umumiy psixologiya fanlaridan onlayn tarzda dars mashg‘ulotlari olib borilayotgan edi.

Ushbu fanlar yuzasidan dars mashg‘ulotlarini yakunlash hamda talabalarning olgan bilimlarini tekshirish maqsadida Belarus oliy ta’lim muassasasi vakillari tashrif bilan universitetda bo‘lib turibdi.