«Ular xotiramni tekshirishadimi yoki bilimni?» – «1%» mehmoni oliy ta'limdagi muammo haqida


«Cambridge» o‘quv markazi tarmog‘i asoschisi, tadbirkor Jahongir Po‘latov KUN.UZning «1%» ko‘rsatuvida O‘zbekistondagi oliy ta'lim muassasalaridagi imtihon qilish tizimidagi kamchiliklar haqida gapirdi.

Uning o‘zi 4 marta kirish imtihonlarini topshirgan, lekin barchasida «yiqilgan». Shundan so‘ng Toshkent shahridagi xalqaro Westminster universitetiga hujjat topshirib, birinchi urinishdayoq talabaga aylangan. U O‘zbekistondagi davlat OTMlarining imtihon qilish tizimi bilim tekshirishga emas, balki yodlashga asoslangani haqida gapirib o‘tdi. 

«Fikrimcha, O‘zbekiston OTMlariga kirish imtihonlari bilim tekshirishga emas, yodlashga asoslangan. Men 4 marta universitetga kirishga harakat qilganman – ikkita davlat oliy ta'lim muassasasiga va ikkita harbiy universitetga. 

Barcha imtihonlarda yiqilganman. Chunki tarix fanidan qaysidir yilni esimdan chiqarib qo‘yganman. «Yevropadagi ma'lum bir o‘zgarish qaysi sanada bo‘lgan», degan mazmundagi savol tushgan edi. Xotiramni tekshirishyaptimi yoki bilimimnimi? Agar o‘sha vaziyatni aytib berish so‘ralsa, shunday aytib beraman – kino ko‘rgandek bo‘lasiz», deydi Jahongir Po‘latov.

U imtihon qilish tizimi bilim va mahorat tekshirishga asoslangan bo‘lishi lozimligini qayd etib o‘tdi.

«Ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon vaqtida qaysidir shoirning qaysidir asarining qaysidir qismida qahramon qay holatda bo‘lgani haqida savol tushgan. Agar o‘sha yozuvchining o‘zbek adabiyoti rivojiga qo‘shgan hissasi haqida so‘ralsa, aytib bera olaman. Bu yerda imtihon qilish tizimi noto‘g‘ri», deydi u. 

U xalqaro universitetning Toshkentdagi filialiga qanday qilib bir urinishdayoq qabul qilingani haqida ham aytib berdi. 

«Westminster’ga IELTS va matematika bo‘yicha imtihon topshirganman. Ikkisiga ham o‘zim ta'sir ko‘rsata olganman, ya'ni ingliz tilini ko‘proq o‘qisam IELTS’dan ko‘proq ball olaman, matematikadan ko‘proq misol yechsam, formulalarni ishlatishni o‘rganaman. 

Bu yerda mening hisob-kitob qila olishim, tahlil va ingliz tili bo‘yicha mahoratim tekshirilyapti. Shu sababli bir yarim oy mobaynida tayyorlanib, IELTS’dan 6,5 ball olganman, matematikadan 24ta darsda tayyorlanib, 60 foiz olib, universitetga bir urinishda kirganman», deydi Po‘latov. 

Kun.uz va O‘zbekiston yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash markazi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan «1%» ko‘rsatuvining birinchi mehmoni Jahongir Po‘latov nafaqat ta'lim tizimi, balki tadbirkorlik, xayriya va motivatsiya haqida ham so‘z yuritdi. To‘liq suhbatni yuqoridagi videoda ko‘rishingiz mumkin.