Toshkentdagi texnikum negizida Axborot texnologiyalari fakulteti ochiladi


Bugun, 18-avgust kuni kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Janubiy Koreyaning Puchon universiteti rektori Xan Jong Sok bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda ta’lim, AKT sohasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida atroflicha fikrlar almashildi. Jumladan, AKT vazirligi bilan hamkorlik qilgan holda ta’lim sifatini ta’minlash, yuqori malakali IT mutaxassislarni tayyorlash, korxona va tashkilotlar bilan universitet o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, AKT vazirligi, Janubiy Koreyaning Puchon universiteti va Toshkent Puchon universiteti rahbariyati bilan Toshkent axborot texnologiyalari texnikumi negizida Toshkent Puchon universitetining Axborot texnologiyalari fakulteti faoliyatini tashkil etish bo‘yicha Anglashuv memorandumi imzolandi.

Uchrashuv davomida IT kadrlarni tayyorlashda koreyalik mutaxassislar bilan birgalikda ish olib borish, ularni O‘zbekistonga jalb etish, IT autsorsing yo‘nalishini rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Ma’lumot uchun:

Toshkent shahridagi Puchon universiteti O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil 2-iyuldagi 3821-sonli Farmoniga asosan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi va Puchon universiteti (Koreya Respublikasi) tashabbusi bilan tashkil etilgan.

Universitetda ta’lim olish Puchon universitetining (Koreya Respublikasi) o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq O‘zbekiston qonunchiligi talablarini inobatga olgan holda o‘zbek, rus va ingliz tillarida amalga oshiriladi.