Rossiyaning Sibir hududi yetakchi universitetlari talabalari ichida chet elliklar ko‘paydi. Bir qator universitetlar Qozog‘iston yoshlari uchun jozibadorlikni yo‘qotdi. Ammo Turkmaniston, O‘zbekiston va Qirg‘izistondan abituriyentlar soni ortib bormoqda. Shu bilan birga, Sibir oliy o‘quv yurtlari Xitoydan talabalar oqimini ta’minlashga harakat qilmoqda.
Sibir universitetlarida qabul kampaniyasi yakunlandi. Uning natijalariga ko‘ra, xorijiy mamlakatlardan kelgan abituriyentlarning «geografik» tarkibida o‘zgarishlar qayd etildi.
Novosibirsk davlat texnika universiteti (NDTU) o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Sergey Chernov bergan ma’lumotga ko‘ra, chet elliklar o‘qishga kirish uchun jami 3 mingga yaqin ariza topshirgan. Ulardan 2,5 mingga yaqin kishi universitetga qabul qilingan. «Ketma-ket ikkinchi yil Qozog‘iston ikkinchi o‘ringa tushib qoldi. O‘zbekiston birinchi bo‘ldi», dedi Chernov.
Bu yil Tomsk davlat universitetiga (TDU) 1150 nafar xorijlik o‘qishga kirdi, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga teng. TDU qabul bo‘limi boshlig‘i Yevgeniy Pavlov so‘zlariga ko‘ra, bu yerda ham qozog‘istonlik abituriyentlar soni kamaygan, ammo baribir universitetga qabul qilingan xorijliklar soni bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi - 500 ga yaqin kishi. «Qirg‘izistondan abituriyentlar soni ikki barobar oshdi. Bu 100 dan ortiq odam. O‘zbekiston va Tojikiston o‘z ko‘rsatkichlarini saqlab qoldi», dedi Pavlov.
2023 yilda Krasnoyarsk Sibir federal universitetiga (SFU) MDH davlatlaridan chet ellik abituriyentlar soni biroz kamaydi. Biroq, ayni paytda, tanlov komissiyasining mas’ul kotibi Margarita Kuznetsova so‘zlariga ko‘ra, «Mo‘g‘uliston va Turkmaniston bozorga kirmoqda». Tomsk politexnika universiteti (TPU) qabul bo‘limi boshlig‘i Aleksandr Denisevich: «Bu yil biz Turkmanistondan talab sezilarli darajada oshib borayotganini qayd etyapmiz», dedi.
Rossiya Ta’lim va fan vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Rossiyada ta’lim olayotgan chet ellik talabalar soni ortib bormoqda. Agar 2021 yil 1 oktyabrda ularning soni 347 ming bo‘lgan bo‘lsa, bir yildan so‘ng 362 mingga yetdi. 2023 yilda Rossiya hukumati chet eldan talabalar uchun ajratiladigan kvotalar sonini 30 mingga oshirdi.
Shu bilan birga, Qozog‘iston Rossiya universitetlarida xorijiy talabalar soni bo‘yicha birinchi o‘rinda qolmoqda. Rossiya Ta’lim va fan vazirligining ma’lum qilishicha, Qozog‘istonning 61 ming fuqarosi Rossiya oliy o‘quv yurtlari va ularning xorijiy filiallarida bakalavriat, mutaxassislik va magistratura yo‘nalishlarida ta’lim olmoqda. Keyingi o‘rinlarni O‘zbekiston (48,7 ming), Xitoy (32,6 ming), Turkmaniston (30,6 ming) va Tojikiston (23,1 ming) egallab turibdi.