Toshkentda “Yaponiya raqamli universiteti” tashkil etiladi


Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portalida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrida «Yaponiya raqamli universiteti»ni tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Yangi universitet Yaponiyaning “Digital knowledge" aksiyadorlik jamiyati muassisligidagi alohida mulk va mustaqil balansga ega bo‘lgan yuridik shaxs maqomidagi ustav fondida davlat ulushi bo‘lmagan nodavlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanadi. 

Hujjatga muvofiq, mazkur oliy ta’lim muassasasiga talabalikka qabul qilish va bitiruvchilarining attestatsiyasi ushbu universitet tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan kelishilgan holda belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi

«Ikki tomonlama diplom» (double degree) dasturlari asosida o‘qishlarini muvaffaqiyatli tamomlagan Universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti tomonidan «Kompyuter lingvistikasi» yo‘nalishida davlat namunasidagi diplomi hamda Yaponiya va O‘zbekiston Respublikasida tan olinadigan Yaponiyaning Otemaye universiteti, Tokio onlayn universiteti va boshqa universitetlaridan birining tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan namunadagi diplomlari beriladi.

Toshkent shahridagi «Yaponiya raqamli universiteti»da 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab ta’lim jarayoni boshlanadi hamda muhandis-dasturchi va biznes boshqaruvi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Ushbu havola orqali mazkur qaror loyihasi bilan atroflicha tanishish hamda muhokamada ishtirok etish mumkin.