Toshkentda yangi universitet binosi qurildi (foto)


Davlatimiz rahbari 2020 yil 31 yanvar kuni Geologiya fanlari universiteti qurilishiga tamal toshi qo‘ygan edi.

So‘nggi yillarda geologiya sohasiga katta mablag‘lar ajratilib, eng ilg‘or texnologiyalar olib kelindi. Yerosti boyliklarning zaxirasi ham, prognoz resurslari ham ko‘paydi. Ularni qazib, qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun malakali kadrlar ham zarur.

Shu bois Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tgan yili Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tizimida Geologiya fanlari universiteti tashkil etilgan edi. Tashrif chog‘ida davlatimiz rahbari yangi universitetda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

– Geologiya iqtisodiyotga suv va havodek zarur. Oxirgi yillarda ilmiy maktablarni tiklab, kadrlar tayyorlashga e’tibor qaratayapmiz, eng ilg‘or ilmiy metodikalarni joriy etib, laboratoriya uskunalarini o‘rnatib, zamonaviy sharoitlar yaratayapmiz. Endi natijaga ishlash kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hozirgi kunda universitetda bakalavriat bo‘yicha 7 ta va magistratura bo‘yicha 6 ta yo‘nalishda umumiy 700 nafardan oshiq talaba tahsil olmoqda. Bu yo‘nalish va mutaxassisliklarni soha ehtiyojiga qarab kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, 5 yillik tajribaga ega, geologiya sohasida ishlab kelayotgan xodimlar uchun ta’limning sirtqi shakli tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari shu yerda talabalar, professor va o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi.

Loyihaning birinchi bosqichida o‘quv binosi, yotoqxona hamda 2 ta ilmiy institut, kutubxona, laboratoriya va geologiya muzeyi binolari qurildi.

Ikkinchi bosqichda 7 qavatli laboratoriya, 5 qavatli Davlat geologiya qo‘mitasi ma’muriy binosi, 7 qavatli geologiya fondi va O‘zbek geologiya qidiruv binosi hamda sport kompleksi quriladi.

Prezidentimiz qurilishni sifatli yakunlash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berdi.


Universitet tarkibida H.M.Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti, Mineral resurslar instituti, Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi instituti, Neft-gaz konlari geologiyasi va qidiruvi instituti, Geologiya sohasi kadrlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Geoinnovatsion texnologiyalar markazi hamda Davlat geologiya muzeyi faoliyat yuritadi.