2019 yilning 25-27 yanvar kunlari Xitoyning Nanking politexnika institutining (Nanjing Polytechnic Institute) delegatsiyasi, vitse-prezident Chjan Syaojun boshchiligida Toshkent shahriga tashrif buyurdi, deb yozmoqda xabar.uz
Delegatsiya tashrifining maqsadi – O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida oliy ta’lim sohasida aloqalar o‘rnatish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdir. Xususan, manfaatdor vazirliklar va idoralarda bir qator uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazilib, kasb-hunar kollejlari faoliyati bilan tanishildi, Toshkent shahrida Nanking politexnika institutining filialini ochish imkoniyatlari batafsil ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, «O‘zstandart» agentligi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish Respublika markazi bilan muzokaralar o‘tkazildi. Bunda Nanking politexnika instituti bilan qo‘shma dastur, qo‘shma fakultet hamda to‘laqonli filial tashkil etish bo‘yicha ishlarni boshlash yuzasidan kelishib olindi.
Nanking politexnika instituti O‘zbekistondagi filialida darslarni ingliz va xitoy tilida o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda o‘qiydigan talabalarni Nanking politexnika institutiga o‘qishga yuborish, 2+2, 1+3, 3+1 formatida talabalar o‘qishini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabalarini Nanking politexnika institutida menejment, raqamli biznes, elektron tijorat yo‘nalishlarida o‘qitishga qiziqish bildirdi.
Tomonlar muloqotni davom ettirish va O‘zbekiston delegatsiyasini Xitoyga amaliy tashrif buyurishiga kelishib oldilar.
Ma’lumot uchun, Nanking politexnika instituti 1958 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Xitoy Xalq Respublikasi Jiangsu provinsiyasining poytaxti Nanking shahrida joylashgan. Bugungi kunda oliy o‘quv yurtida 10 mingdan ziyod talaba 40 dan ziyod mutaxassislik bo‘yicha taxsil oladi.