O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Turkiya Iqtisodiyot va texnologiyalar universitetining Toshkentdagi filialini ochish yuzasidan memorandum imzoladi. Bu haqda palata matbuot xizmati ma’lum qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Turkiyaga qilgan rasmiy tashrifi doirasida 19 fevral kuni Anqara shahrida o‘tkazilgan Oliy darajadagi O‘zbekiston – Turkiya birinchi strategik hamkorlik yig‘ilishi natijalari bo‘yicha qo‘shma bayonot imzolandi.
Tadbir doirasida ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar bo‘yicha ham qator kelishuvlar imzolandi. Xususan, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Turkiya Palatalari va birjalari ittifoqi TOVV (Turkiya palatalar va birjalar ittifoqi) qoshidagi Turkiya Iqtisodiyot va texnologiyalar universitetining Toshkentdagi filialini ochish yuzasidan memorandum imzoladi.
Mazkur filialni ochish tashabbusi 2019 yilning oktyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar Ishbilarmonlar kengashi doirasida o‘tkazilgan muzokaralarda ilgari surilgan va kelishilgan edi.
Poytaxtimizda ochilishi ko‘zda tutilgan universitet filiali dual ta’lim tizimi asosida biznes va tadbirkorlik yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlaydi.