Tegishli qaror loyihasiga ko‘ra, universitet MChJ shaklidagi nodavlat oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi.
Universitetni ochishdan maqsad – oliy ma'lumotli pedagog va boshqaruvchi kadrlarni tayyorlash, rivojlangan mamlakatlarning yetakchi OTMlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdir.
Universitetni ta'sis etishda Xalq ta'limi vazirligi investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan, potensial investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borish va tizimdagi foydalanmayotgan binolarni ajratish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.
Potensial investorga quyidagi majburiyatlar yuklatilishi mumkin:
– o‘z mablag‘lari hisobidan universitetning faoliyatini moliyalashtirish, obektlarni rekonstruksiya qilish, kapital ta'mirlash, jihozlash va foydalanishga topshirish, shuningdek, ularga tegishli hududni obodonlashtirish;
– universitetga berilayotgan obektda ta'lim xizmatlari ko‘rsatish;
– universitet tomonidan belgilangan kvota doirasida, Xalq ta'limi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi buyurtmasiga ko‘ra, «The Times Higher Education World University Rankings» reytingidagi dunyoning 1000talikka kiruvchi xorijiy OTMlar dasturlari asosida imtiyozli grantlar ajratish yo‘li bilan tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlashni amalga oshiradi.
Universitetga o‘quv-metodik rahbarlikni ta'minlash, faoliyati va o‘quv jarayonini tashkil etish va yuritish, o‘quv adabiyotlari bilan ta'minlash, shuningdek abituriyentlarni o‘qishga qabul imtihonlarini o‘tkazish va chet ellik yuqori malakali mutaxassislarni yollash uchun xorijiy hamkor sifatida «The Times Higher Education World University Rankings» reytingidagi dunyoning 1000talikka kiruvchi xorijiy OTMni belgilash va universitet bazasida ularning filiallarini ochish huquqi beriladi.
O‘qitish davlat ta'lim standartlarini inobatga olgan holda, universitet va uning xorijiy hamkori tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Universitetda kadrlar tayyorlash kunduzgi, sirtqi, kechki va maxsus sirtqi yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshiriladi.
Universitet bitiruvchilariga uning xorijiy hamkor universitetlarining O‘zbekiston Respublikasida oliy ta'lim to‘g‘risidagi hujjati sifatida tan olinadigan xalqaro darajadagi diplom beriladi.
Bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul kvotalari universitet tomonidan, xorijiy hamkorlar bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Universitetning magistratura ta'lim bosqichi bitiruvchilari Xalq ta'limi vazirligi hamda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi rahbarlari nomenklaturasiga kiritiladi.
Magistratura dasturida o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan va xalq ta'limi tizimida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslar uchun 5 yil muddatga oylik ish haqining 50 foiz bo‘lgan miqdorida ustama belgilanadi (boshqa belgilangan qo‘shimcha to‘lovlar va nafaqalardan qat'iy nazar).
Bakalavriatni tamomlab, umumta'lim muassasalariga ishga kirganlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi malaka toifasi, magistratura bitiruvchilariga birinchi malaka toifasi beriladi.
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi universitetning ta'sis hujjatlarini ishlab chiqilishida va ularni belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishida ko‘maklashadi.
Belgilanishicha, 2023 yil 30 dekabrga qadar universitet:
– barcha turdagi soliqlar to‘lashdan;
– O‘zbekistondagi faoliyatidan ham doimiy muassasa orqali, ham to‘lov manbayidan olingan daromadlar bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘idan;
– jihozlash va faoliyatini tashkil etish uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha potensial investor tomonidan olib kelinadigan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan uskunalar (shu jumladan, laboratoriya uskunalari), kompyuter texnikasi, multimedia mahsulotlari, tibbiyot trenajyorlari, adabiyotlar, qurilish materiallari va inventarlar bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod qilinishi mumkin.
Tashqi ishlar vazirligiga mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb etilayotgan xorijiy professor-o‘qituvchilar va ma'muriy xodimlarga, shuningdek, ularning oila a'zolariga konsullik va boshqa yig‘imlar undirmasdan kirish vizalari belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta'minlash yuklanishi taklif qilinmoqda.
Ichki ishlar vazirligi esa xorijiy professor-o‘qituvchilar va ma'muriy xodimlarga, shuningdek, ularning oila a'zolariga davlat boji undirmasdan ko‘p martalik vizalar berilishi va muddati uzaytirilishini hamda O‘zbekistondagi yashash joyida vaqtincha propiska qilinishini belgilangan tartibda ta'minlaydi.
Eslatib o‘tamiz, fevral oyi oxirida bakalavriatning 6ta pedagogik yo‘nalishida o‘qish muddati 3 yil etib belgilandi va Samarqand, Andijon, Buxoro, Termiz, Qarshi davlat universitetlarining Pedagogika institutlari tashkil etildi.
Ma'lumot uchun, Toshkentda:
- Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining filiali,
- Britaniya menejment universiteti,
- Buyuk Britaniyaning Xalqaro huquq universiteti filiali,
- Yaponiya raqamli universiteti
- O‘zbekiston - Germaniya texnika universiteti
- Turkiya Iqtisodiyot va texnologiyalar universitetining filiali,
- Farmatsevtika texnik universiteti,
- Transport universiteti ochilishi mumkin.
Termizda esa TEAM universiteti, Farg‘onada Koreya xalqaro universiteti, Gulistonda Malayziya bilan hamkorlikdagi xalqaro «Binary» tadbirkorlik va menejment universiteti tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Moskva davlat geodeziya va kartografiya universitetining O‘zbekistondagi filiallari ish boshlashi ham mumkin.