Toshkentda Fransiyaning «Le Kordon Blyu» oliy maktabining filiali ochilishi mumkin


Toshkent shahar hokimi Fransiyaning «Le Kordon Blyu» mehmonxona servisi va kulinariya oliy maktabi Xodimlarni saralash va rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Filipp Rosheron bilan uchrashdi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Fransiya Respublikalari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, siyosiy, madaniy-gumanitar, ta’lim va turizm sohalardagi hamkorlikning bugungi holati hamda uni rivojlantirish istiqbollari haqida so‘z yuritildi.

Filipp Rosheron O‘zbekiston iqtisodiyotida va turli sohalarda yuksalish kuzatilayotganini e’tirof etdi. Aynan ularning oliy maktabi bitiruvchilari orasida toshkentlik Diyora Karimova bo‘lganligini, bu qiz o‘qishni tugatib qaytgach, poytaxtda ikkita va Rossiyada 1 ta kafe ochib, biznesni muvaffaqiyatli yuritayotganligini ma’lum qildi hamda O‘zbekiston va Toshkentda bunday yoshlar ko‘p ekanligiga ishonch bildirdi.

Hozirda dunyoning 20 ta davlatida 125 yillik tarixga ega «Le Kordon Blyu» mehmonxona servisi va kulinariya oliy maktabi bilan hamkorlikda institutlar ochilgan. Ularda asosan texnik(oshxonada ishlash, novvoylik, qandolatchilik), ishbilarmonlik, mehmonxona biznesi va jamoa boshqaruvi kabi yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlanishini, ta’lim magistrlar uchun 1 yillik, bakalavrlarga 3 yillik dasturlarda olib boriladi.

Toshkent shahar hokimi mazkur oliy maktab bilan xizmat ko‘rsatish sohalari uchun mutaxassislar tayyorlash va kelgusida «Le Kordon Blyu» oliy maktabining filialini Toshkentda ochish yuzasidan muzokaralarga tayyorligini bildirdi.