Toshkentda xalqaro Nordik Universiteti (Nordic International University) ochildi. Finlyandiyaning ta’lim sohasidagi yutuqlariga asoslangani ta’kidlangan ushbu xalqaro universitetning ochilish marosimida Finlyandiyaning O‘zbekistondagi elchisi Ilkka Raisanen boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
2022 yilning 27 may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston-Finlyandiya tashqi ishlar vazirlarining siyosiy maslahatlar bo‘yicha 10-yig‘ilishida Shimoliy Yevropa mamlakatlarining ta’lim sohasidagi ilg‘or yutuqlariga asoslangan ushbu zamonaviy xususiy oliy ta’lim tashkilotini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan edi.
Ushbu tadbirda ishtirok etgan Prezident Adminstratsiya rahbari o‘rinbosari, Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ochilish marosimida so‘zga chiqib, ushbu universitet O‘zbekiston ta’lim tizimi rivojiga ulkan hissa qo‘shishini qayd etib o‘tdi.
Universitet zamonaviy 8 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Iqtisodiyot, Moliya, Biznesni boshqarish, Sanoatni boshqarish, Boshlang‘ich ta’lim, Maktabgacha ta’lim, Xorijiy til va adabiyoti: ingliz tili, Kompyuter injiniringi yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanadi.