U shu yilning fevral oyida bir paytning o‘zida Queens University of Charlotte, Loyola University New Orleans va Central Michigan University oliygohlariga o‘qishga qabul qilindi va umumiy hisobda 280 ming dollarlik grant takliflarini oldi. Qizig‘i, Dilnura bu natijaga yuqori balli IELTS, CEFR, GPA sertifikatlari bilan emas, balki o‘zi tanlagan soha bo‘yicha darsdan tashqari faoliyati va loyihalari bilan erishganini ta’kidlaydi. Kun.uz bilan suhbatda u hujjat topshirish jarayoni va grant olishda hal qiluvchi omillar haqida gapirib berdi.
Hozirda o‘zbekistonlik yoshlarning chet eldagi nufuzli oliygohlarda ta’lim olishga bo‘lgan qiziqishi yuqori. Ammo hamma ham faqat IELTS, SAT, GPA bilan top universitetlarga kirib bo‘lmasligini anglab yetayotgani yo‘q. Samarqand shahridagi 16-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Dilnura Toshtemirova grant yutishda sertifikatlardan ko‘ra amaliy loyihalar ustunlik berishini amalda ko‘rsatdi.
U 2025 yilda boshlangan tayyorgarlikdan so‘ng AQShning uch oliygohiga qabul qilindi. Xususan, Queens University of Charlotte va Loyola University New Orleans universitetlarining har biridan 120 ming dollarlik, Central Michigan Universitydan esa 40 ming dollarlik grant sohibi bo‘ldi.
O‘quvchi qizning aytishicha, abituriyentlar orasida “IELTS 8–9 olsam, top universitet eshiklari ochiladi” degan qarash uchraydi. Uning fikricha, sertifikatlar minimum talab, xolos. Ingliz tilini bilish sizni chet ellik talabalar bilan tenglashtiradi, lekin ajralib turish uchun boshqa ustun jihatlarni ko‘rsatish kerak.
Dilnura ta’kidlashicha, grant va qabulda eng asosiy omil extracurricular activities, ya’ni maktabdan tashqari faoliyat. Universitetlar nomzodning tanlagan sohaga qiziqishi, loyihalari, tashabbuslari va jamiyatga foyda keltirgan ishlariga ko‘proq e’tibor beradi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, loyihalar albatta global bo‘lishi shart emas. Muhimi, u real va hayotga tatbiq qilingan bo‘lishi kerak. Dilnura aytishicha, qabul xatlarida uning “Jadid Power Club” loyihasi va konferensiyalardagi ishtiroki alohida tilga olingan. Bu holat qabul komissiyasi sertifikat ballaridan ko‘ra real ishlarni ustun qo‘yishini ko‘rsatgan.
U konferensiyalarda tarjimonlik qilgani, xorijiy mehmonlarga gidlik xizmatini ko‘rsatgani arizasini kuchaytirganini aytadi. Bu tajribalar unga global muhitni his qilish, turli qarashlarni tinglash va fikrini aniq ifodalash ko‘nikmalarini bergan. Uning fikricha, universitetlar nomzoddan aynan tashabbuskorlik va yetakchilikni ko‘rishni istaydi.
Dilnura hujjat topshirishda yana ikki muhim jihatni ajratib ko‘rsatadi: insho va tavsiyanoma xatlari. Uning aytishicha, insho nomzodning shaxsiyati, qarashlari va ichki dunyosini ochib beradi. U uchun eng qiyin bosqich aynan insho yozish bo‘lgan. Shunga qaramay, u IELTS yoki SAT natijasi kutilganidek bo‘lmasa ham, puxta insho arizani sezilarli kuchaytirishi mumkinligini ta’kidlaydi.
Tavsiyanomalar borasida u o‘qituvchilar, konferensiyalarda tanishgan professorlar va soha mutaxassislari fikri muhimligini aytadi. Shuningdek, networking, ya’ni to‘g‘ri muhitda bo‘lish va odamlar bilan muloqot qilish ham katta rol o‘ynashini qayd etadi.
Dilnura kelajakda o‘z faoliyatini xalqaro munosabatlar va diplomatiya bilan bog‘lashni rejalashtirgan. Uning maqsadi BMTda O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan professional diplomat bo‘lish. U yana 12 ta oliygohga ham hujjat topshirgan va hozircha javoblarni kutmoqda.
Muallif: Diyoraxon Nabijonova (Manba: KUN.UZ)