Toshkentda Britaniya menejment universiteti ochiladi


Prezidentining «Toshkent shahridagi Britaniya menejment universitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Hujjat loyihasiga muvofiq, universitet «British management university» mas’uliyati cheklangan jamiyati muassisligidagi nodavlat ta’lim muassasasi sifatida faoliyat yuritadi.

Xususan, oliygohda London, Reding universitetlari hamda yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarining ta’lim dasturlarini joriy etish, ularning malakali professor-o‘qituvchilari, olim va mutaxassislarini keng jalb etish ko‘zda tutilgan.

Belgilanishicha, universitetga har yili ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli, iqtidorli va o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan farzandlari orasidan tanlov asosida bepul 20 nafardan kam bo‘lmagan abituriyentlar o‘qishga qabul qilinadi.

Shuningdek, universitetda dastlabki bosqichda «Loyihalarni boshqarish», «Logistika va yetkazib berish zanjirlarini boshqarish», «Tadbirkorlik va innovatsiyalar», «Xalqaro elektron tijorat» hamda «Raqamli iqtisodiyot» yo‘nalishlari bo‘yicha abituriyentlar qabuli amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Qayd etilishicha, ta’lim muassasasi 2020-2021 o‘quv yilidan o‘z faoliyatini boshlaydi.

 

Manba: xabar.uz