Qarorga muvofiq, baliqchilik tarmogʻi ehtiyojlarini qondirish uchun ishlab chiqarish va eng muhim ilmiy-tadqiqot vazifalarini hal etishga qodir boʻlgan yuqori malakali kadrlarni xalqaro taʼlim standartlari darajasida tayyorlash Filialning asosiy vazifasi hisoblanadi.
✅ Filial Bosh muassasa tomonidan taʼsis etiladi va kadrlarga boʻlgan talabdan kelib chiqib asosiy bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari (magistratura mutaxassisliklari) boʻyicha mutaxassislar, jumladan, ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlaydi, qayta tayyorlaydi va malakasini oshiradi.
✅ 2019/2020 oʻquv yilida Toshkent davlat agrar universiteti Bosh muassasa bilan hamkorlikda “Suv bioresurslari va akvakultura" bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha kunduzgi shaklda toʻlov-kontrakt asosida rus guruhida kadrlar tayyorlashni davom ettiradi.
Filialning taʼlim faoliyati 2020/2021 oʻquv yilidan boshlanadi.
✅ Filialda quyidagi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari (magistratura mutaxassisliklari) boʻyicha kadrlar tayyorlanadi:
- Suv bioresurslari va akvakultura;
- Ekologiya va tabiatdan foydalanish;
- Baliq mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash texnologiyasi;
- Baliqchilik xoʻjaligi iqtisodiyoti.
✅ Filial bitiruvchilariga Astraxan davlat texnika universiteti (Rossiya Federatsiyasi)ning belgilangan namunadagi diplomi beriladi va ushbu diplom Oʻzbekistonda oliy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat sifatida eʼtirof etiladi.
✅ 2020-yil 1-avgustgacha Filial malakali professor-oʻqituvchilar tarkibi bilan tanlov asosida toʻldirilishi taʼminlanadi.