Toshkent viloyatida yangi oliy taʼlim muassasasi tashkil etiladi


Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Vazirlar Mahkamasining “International School of Finance and Technology (ISFT) universitetini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Mazkur qaror bilan Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi hamda “International School of Finance Technology and Science" masʼuliyati cheklangan jamiyatining International School of Finance and Technology (ISFT) universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi maʼqullanishi mumkin.

Loyihaga ko‘ra:

  • universitet masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi nodavlat oliy taʼlim tashkiloti hisoblanadi, mustaqil balansiga ega, ixtiyorida bo‘lgan pul mablag‘lari va mol-mulki bilan o‘z majburiyatlari doirasida javob beradi;
  • universitetda o‘quv-metodik rahbarlik va taʼlim jarayonining olib borilishi tuziladigan bitimlar asosida yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda ham taʼminlanadi;
  • universitetda taʼlim jarayoni O‘zbekiston Respublikasining oliy taʼlim davlat taʼlim standartlari hisobga olinib, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda xorijiy tajribaga muvofiq ishlab chiqilgan malaka talablari, o‘quv reja va fan dasturlari asosida amalga oshiriladi;
  • universitetda o‘qitish O‘zbekiston Respublikasida amalda mavjud taʼlim shakllarida o‘zbek, rus va ingliz tillarida amalga oshiriladi;
  • universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasining oliy maʼlumot to‘g‘risidagi davlat namunasidagi diplomi beriladi;
  • universitet Toshkent viloyati, Qibray tumani, “Salor" shaharcha fuqarolar yig‘ini, Oliygoh ko‘chasi, 2-uy manzilida tashkil etiladi.