Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida xorijiy OTMning maxsus sirtqi ta'lim shakli tashkil etiladi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatining eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Kun.uz shu haqda yozmoqda.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi:

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida xorijiy oliy o‘quv yurtlarining maxsus sirtqi ta'lim shaklini va birgalikdagi umumta'lim dasturini tashkil etadi;

ikki oy muddatda 2019 yil oxiriga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududida bevosita ishlab chiqarish obektlarida xorijiy kompaniyalarning o‘quv-ishlab chiqarish klasteri ishtirokida ta'lim jarayonini amalga oshirishni tashkil etish bo‘yicha taklif kiritadi;

ishlab chiqarish buyurtmachilari uchun istiqbolli kadr tayyorlash maqsadida, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida shartnoma asosida o‘qitishning o‘zaro majburiyatlarini belgilab beruvchi shartnoma tuzish orqali uning bazaviy to‘lov kontraktini ikkinchi bosqichda kamida 50 foiz, uchinchi bosqichda kamida 75 foiz, to‘rtinchi bosqichda 100 foiz miqdorida to‘lab berishga ruxsat beriladi;

bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti faoliyatini isloh qilish bo‘yicha “Yo‘l xarita"si loyihasini taqdim etadi.