Toshkent tibbiyot akademiyasida “Pulmonologiya” mutaxassisligi bo‘yicha magistraturada kadrlar tayyorlanadi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya yordami ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab Toshkent tibbiyot akademiyasida, keyinchalik boshqa tibbiyot oliy ta'lim muassasalarida “Pulmonologiya" mutaxassisligi bo‘yicha magistraturada kadrlarni tayyorlashni bosqichma-bosqich tashkillashtirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi, deb yozadi Kun.uz.

Belgilab qo‘yilishicha, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab “Ftiziatriya" va “Pulmonologiya" mutaxassisligi bo‘yicha magistratura va klinik ordinaturada kadrlarni tayyorlash faqat davlat grantlari asosida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:

immunodiagnostikani o‘tkazish maqsadida 2019 yil 1 aprelga qadar

sil kasalligini yuqtirib olish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslarning asoslangan kontingentini aniqlaydi;

2019 yil 1 mayga qadar Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya

va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning hududiy markazlarining yangilangan tashkiliy-shtat tuzilmalarini “Sog‘liqni saqlash" tarmog‘i bo‘yicha ko‘zda tutilgan yillik budjet mablag‘lari doirasida tasdiqlaydi;

2019 yil 1 mayga qadar respublika, viloyat va tuman (shahar) miqyosida ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar hajmini, pulmonolog xonasini jihozlash standartlarini, mutaxassislarning funksional vazifalarini belgilagan holda pulmonologiya bo‘limlari faoliyatini tashkillashtirishni nazarda tutuvchi pulmonologiya yo‘nalishi bo‘yicha tibbiy yordam ko‘rsatish tartibini tasdiqlaydi;

2019 yil 1 iyunga qadar Moliya vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ushbu bandning ikkinchi xatboshida ko‘rsatilgan shaxslarda aniqlangan latent silni tashxislash va davolash tadbirlarini tashkillashtirish, shuningdek, ushbu tadbirlarni moliyalashtirish manbalarini aniqlash bo‘yicha takliflar kiritadi;

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga uch oy muddatda sifatli tashxislash, silga qarshi dori va individual himoya vositalarini ishlab chiqarishni tashkillashtirish va rivojlantirish bo‘yicha takliflar kiritadi;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda tibbiyot oliy ta'lim muassasalarining o‘quv dasturlari va yuklamalarini tanqidiy o‘rganish natijalari asosida tibbiyot oliy ta'lim muassasalarining “Ftiziatriya" kafedralarini “Ftiziatriya va pulmonologiya" kafedralariga qayta ixtisoslashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.