Hisob palatasi Toshkent tibbiyot akademiyasi binosi qurilishida 22,4 mlrd so‘m mablag‘ samarasiz sarflanganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, 9 ta tuman va shahar tibbiyot birlashmasi 16,7 mlrd so‘mlik maoshga soxta «vedomost» larni rasmiylashtirib, o‘zlashtirgani aniqlandi.
Toshkent tibbiyot akademiyasi binosi qurilishida 22,4 mlrd so‘m mablag‘ samarasiz sarflangani aniqlandi. Bu Hisob palatasining 2021 yilga mo‘ljallangan hisobotida keltirilgan, deya xabar qildi deputat Rasul Kusherbayev.
Ta’kidlanishicha, dastlabki bajarilgan, lekin tugallanmagan qurilishlar loyihasi qayta ishlab chiqilishi natijasida mablag‘lar behuda xarj qilingan.
Shuningdek, tuman tibbiyot birlashmalarida ish haqi uchun ajratilgan mablag‘larni maqsadli sarflanishi bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruvlarda 9 ta tuman va shaharda 16,7 mlrd so‘m budjet mablag‘lari noqonuniy o‘zlashtirilgani aniqlangan.
«Masalan, Urgut tumanida 2,3 mlrd so‘m, Andijon tumanida 1,8 mlrd so‘m, Ulug‘norda 1,7 mlrd so‘m, Boyovutda 1,2 mlrd so‘m ish haqi uchun mablag‘lar soxta to‘lov «vedomost"larini rasmiylashtirish orqali noqonuniy o‘zlashtirilgan», — deb yozadi deputat.
Qolaversa, sog‘liqni saqlash vazirligining «Tibbiyot qurilish injiniring» korxonasi nazoratida bo‘lgan qurilish ta’mirlash ishlarida qo‘shib yozish, qurilish materiallariga qimmat narxlarni qo‘llash orqali 11 mlrd so‘m budjet mablag‘lari ortiqcha sarflangani ma’lum qilindi.
Avvalroq, Hisob palatasi oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida ajratilgan 2,8 trln so‘mlik kreditlar muammoli holatda ekanini ma’lum qilgandi. Jumladan, Navoiy viloyatida mazkur dastur bo‘yicha o‘zaro aloqador uch fuqaroga 51 ta kredit shartnomasi bilan ajratilgan 867 mln so‘m kreditlar maqsadsiz ishlatilgan.