16 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari buyicha qo‘mita faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori (PQ–3668) qabul qilindi.
Qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi PF–5416-son «Diniy-ma`rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari buyicha qo‘mita faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida qabul qilindi.
Farmonga muvofiq Toshkent islom universiteti negizida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi:
Qur`on ilmlari, hadis, islom huquqi, aqida, tasavvuf, islom iqtisodiyoti va moliyasi, xalqaro munosabatlar, xorijiy tillar (arab, fors, ingliz, rus, urdu, turk va b.) va boshqa xalqaro miqyosda ehtiyoj mavjud bo‘lgan sohalar bo‘yicha malakali kadrlarni tayyorlashga, o‘rta maxsus, oliy ta`lim, oliy ta`limdan keyingi ta`lim, malaka oshirish bosqichlarida uzluksiz ta`limning yaxlit tizimini tashkil etishga va ilmiy merosni chuqur tadqiq qilish va asrab-avaylashga, diniy va dunyoviy bilim berishga ixtisoslashgan yetakchi ta`lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi;
respublikadagi barcha islom ta`lim muassasalari faoliyatini o‘quv-me`yoriy va o‘quv-uslubiy jihatdan ta`minlash hamda muvofiqlashtirishni amalga oshiradi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bitiruvchilariga umumta`lim maktablari, o‘rta maxsus va oliy ta`lim muassasalarida sohaga tegishli fanlar bo‘yicha pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi berildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi «Ziyo» media markazi mamlakatimizda dinning asl insonparvarlik mohiyatini, ajdodlarimizning islom va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan boy diniy-ilmiy merosini keng targ‘ib qiluvchi, diniy-ma`rifiy hayotdagi yangiliklarni jamoatchilikka yetkazuvchi asosiy media tuzilma sifatida shakllantiriladi.
Vazirlar Mahkamasiga uch oy muddatda «Ziyo» media markazi ishini samarali tashkil etish maqsadida uni aloqa vositalari, keng qamrovli Internet tarmog‘i, zamonaviy telestudiya, televizion uskunalar jamlanmasi, kompyuter texnikalari, dasturiy ta`minot va boshqa texnika vositalari bilan ta`minlash choralarini ko‘rish topshirildi.O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 apreldagi qaroriga muvofiq O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga Ne`matulla Ibragimov rektor etib tayinlandi.