Toshkent islom universiteti talabalari endi akademiyada o‘qishadi


Toshkent islom universitetida ta’lim olayotgan talabalar yangi o‘quv yilidan boshlab akademiyada tashkil etilayotgan ta’lim yo‘nalishlarining tegishli ravishda 2, 3 va 4-kurslarida o‘qishni davom ettirishlari mumkin bo‘ladi. Joriy yilda universitetning bakalavr va magistratura bosqichini tamomlayotgan bitiruvchilarga Toshkent islom universitetining bakalavrlik va magistrlik diplomlari beriladi. Bu haqda «Norma» xabar berdi.

2017-yil 20-iyundagi 393-son VMQga muvofiq Universitetning o‘qishni boshqa oliy ta’lim muassasalarida davom etgirish istagini bildirgan 2- va 3-kurs talabalari uchun ta’lim shakli (davlat granti yoki kontrakt asosida) saqlab qolinadi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasiga Akademiya tashkil etilishi munosabati bilan Toshkent islom universiteti va O‘zbekiston islom akademiyasining xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish topshirilgan. Attestatsiyadan o‘ta olmagan xodimlar mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirilishiga ko‘maklashiladi.

Akademiyaga ijodiy imtihon asosida

Akademiyaga 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab talabalar kunduzgi ta’lim shakliga suhbat ko‘rinishida ijodiy imtihon hamda test sinovlari orqali qabul qilinadi.

Akademiya faoliyatiga umumiy rahbarlik Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasiga topshirildi. Qabul kvotalari esa ehtiyojdan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Manba: xabar.uz