Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali xabar bermoqda.
Qaror bilan Hadis ilmi maktabining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
- Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini chuqur o‘rgangan, hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ vatandoshlarimizning ulkan ilmiy merosini puxta o‘zlashtirgan, hadisshunoslik sohasida ilmiy izlanishlar olib borish ko‘nikmasiga ega mutaxassislarni tayyorlash;
- hadisshunoslik maktabi shakllanishi va rivojlanishi, uning ilmiy-ma’naviy asoslarini har tomonlama chuqur o‘rganish, tadqiq etish va uning natijalari asosida hadislardagi ezgu umuminsoniy g‘oyalarni xalqimizga, ayniqsa, yosh avlodga yetkazish.
Maktabda o‘qish muddati besh yil bo‘lib, kunduzgi ta’lim shaklida olib boriladi.
Shuningdek, «Hadisshunoslik» ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr darajasidagi kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
2018–2019-o‘quv yili uchun qabul kvotasi jami 10 ta o‘rin etib belgilangan va unga arab tilini puxta o‘zlashtirgan, hadislarni yod olishga salohiyati bo‘lgan o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining iqtidorli bitiruvchilari saralab olinadi.
Maktab bitiruvchisi ta’limni o‘z ixtisosligiga ko‘ra O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi magistraturasida davom ettirishi, tayanch doktorantura va doktorantura bosqichlarida tahsil olishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Hadis ilmi maktabi Prezidentning 2018-yil 16-apreldagi farmoni bilan tashkil etilgan bo‘lib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi muassisligidagi oliy diniy ta’lim beruvchi nodavlat ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Manba: xabar.uz