Surxondaryo viloyati Termiz shahrida «Imom Termiziy» o‘rta maxsus islom taʼlim muassasasi ochildi, deya xabar qildi O‘zbekiston Musulmonlar idorasi matbuot xizmati. Mazkur madrasa davlat rahbarining 2019 yil 17−18 oktyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlari ijrosi yuzasidan tashkil etildi.
Taʼlim muassasasi O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy taʼlim maskani bo‘lib, bu yerda o‘rta maxsus diniy maʼlumotli islom shariati va hadis ilmlari mutaxassisi, imom-xatiblar tayyorlanadi.
Mazkur taʼlim muassasasiga 2020−2021 o‘quv yili uchun abituriyentlar qabul imtihonlari asosida o‘qishga qabul qilinadi. Abituriyentlardan hujjat qabul qilish 2020 yilning 15 iyundan boshlab onlayn shaklda amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Taʼlim muassasasiga umumiy o‘rta taʼlim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasasini tugatganligi haqida hujjat (diplom)ga ega bo‘lgan fuqarolar qabul qilinadi.
Kirish imtihonlari o‘tkazishning tasdiqlangan tartibi va qabul jarayonlariga oid maʼlumotlar O‘zbekiston musulmonlari idorasining muslim.uz sayti va boshqa ijtimoiy tarmoqlar sahifalari orqali berib boriladi.