2026/2027-o‘quv yili uchun oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga hujjatlar qabuli 30-iyundan boshlanadi.
Qabul jarayoni 2026-yil 30-iyundan 20-iyulgacha davom etadi.
Mazkur muddat davomida abituriyentlar oliy diniy ta’lim muassasalari hamda respublikadagi o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga hujjat topshirishlari mumkin.
Qabul Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi hamda Imom Termiziy nomidagi islom institutiga amalga oshiriladi.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida bakalavr, magistratura va modul ta’lim tizimi bo‘yicha qabul tashkil etiladi.
Shuningdek, belgilangan muddatlarda respublikadagi barcha o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga ham hujjatlar qabul qilinadi.
Oliy diniy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichiga hujjat topshiruvchi abituriyentlar qabul hay’atiga bir qator hujjatlarni taqdim etishi kerak.
Jumladan, ta’lim muassasasi rektori nomiga ariza, pasport yoki ID karta nusxasi, o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasini tamomlaganlik to‘g‘risidagi diplom va uning ilovasi nusxasi talab etiladi. Bunda hujjatlarning asl nusxasi ham ko‘rsatiladi.
Bundan tashqari, abituriyentlar so‘nggi uch oy ichida oq fonda olingan 3,5 × 4,5 sm hajmdagi 6 dona rangli fotosurat taqdim etishi lozim.
Xorijiy davlatlardagi diniy ta’lim muassasalarini tamomlagan O‘zbekiston fuqarolari ham hujjat topshirishi mumkin. Buning uchun ularning diplomi O‘zbekistonda nostrifikatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lishi talab etiladi.
Abituriyentlarga hujjatlarni belgilangan muddat ichida to‘liq tayyorlab, qabul hay’atiga o‘z vaqtida taqdim etish tavsiya etiladi.