4 sentyabr kuni Toshkent Islom institutida 2017 2018- o‘quv yilining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xodimlari, ustozlar va talabalar qatnashdi.
Tadbir vaqtida diniy ta’limni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Jumladan, so‘zga chiqqan akademik Ne’matulloh Ibrohim «Diniy ta’lim tizimida misli ko‘rilmagan juda katta o‘zgarishlar bo‘lishini, yurtimizdan yana Imom Buxoriylar, Imom Termiziylar, Zamaxshariy kabi allomalar yetishib chiqishi uchun barcha sharoitlar yaratilishi, talabalar dunyoning eng nufuzli oliygohlarida o‘qishlarini davom ettirishlari uchun imkoniyat yaratilishi» haqida fikr bildirdi.Akademik Ne’matulloh Ibrohim o‘z so‘zini davom ettirar ekan, «Endilikda Toshkent Islom institutining bakalavr diplomi magistratura maqomiga tenglashtirildi. Talabalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri undan keyingi bosqichlarda ta’lim olishadi», dedi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 1 sentyabr kuni Hazrati Imom (Xastimom) majmuasida davlat va jamoat tashkilotlari, Musulmonlar idorasi rahbariyati, imom-xatiblar, mahalla faollari bilan suhbat chog‘ida mamlakatimizdagi diniy yo‘nalishdagi to‘qqizta o‘rta maxsus va ikkita oliy ta’lim muassasasi Islom sivilizatsiyasi markazi ixtiyoriga o‘tkazilishi haqida aytgan edi.
Manba: azon.uz