Toshkent davlat yuridik universitetida huquqni muhofaza qilish organlari uchun kadrlar tayyorlash bo'yicha ixtisoslashtirilgan filial tashkil etildi


Filial Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident qarori asosida tashkil etilgan. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Filialning asosiy vazifasi yurisprudensiyada huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlashda kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash deb belgilangan.

Filialga adliya vaziri taqdimiga binoan Hukumat tomonidan lavozimiga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan direktor rahbarlik qiladi.

Shuningdek, qaror bilan Toshkent davlat yuridik universiteti Ixtisoslashtirilgan filialining samarali faoliyatini tashkil etish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.

Filialda «huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash» soha mutaxassisligi bo‘yicha yuridik kadrlarni tayyorlash bakalavriatning uch yillik dasturi bo‘yicha diplom berilgan holda amalga oshiriladi.

Filialda «Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash» mutaxassisligi bo‘yicha oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan kadrlar ham qayta tayyorlanadi.

Filial bakalavriatiga qabul kvotasi yiliga 255 kishini, 6 oylik kursga esa 50 kishini tashkil etadi hamda o‘qitish davlat grantlari asosida amalga oshiriladi.

Filial diplomi ichki ishlar organlariga Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida maxsus kasbiy tayyorgarlikni o‘tmasdan, «leytenant» maxsus unvoni berilgan holda xizmatga qabul qilish uchun asos bo‘ladi.

Bakalavriat dasturi bo‘yicha Filialga qabul tanlov asosida amalga oshiriladi.

6 oylik kurslarga Ichki ishlar vaziri va Milliy gvardiya qo‘mondoni tavsiyalari asosida oliy noyuridik ma’lumotli xodimlar va harbiy xizmatchilar lavozimi va pul ta’minoti saqlab qolingan holda qabul qilinadi.

Mazkur filialni tugatganlar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimida kamida 5 yil ishlab berish majburiyatini oladilar.