Toshkent davlat sharqshunoslik institutida Malayziya universiteti bilan qoʻshma diplomli taʼlim joriy etiladi


Toshkent davlat sharqshunoslik institutida Malayziyaning Sulton Idris universiteti bilan qoʻshma diplomli taʼlim joriy etiladi. Bu haqda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. 

Mazkur kelishuvga Sulton Idris universiteti rektori, professor Muhammad Shatar Sabran boshchiligidagi delegatsiyaning sharqshunoslik institutida tashrifi davomida erishilgan. 

Uchrashuvda malay tilidan dars berayotgan oʻqituvchilarni Sulton Idris universitetiga qisqa va oʻrta muddatli malaka oshirish kurslariga joʻnatishga, eng asosiysi esa bakalavr bosqichida 2+2 yoki 3+1 tizimi asosida, magistratura bosqchida 1+1 tizimi asosida qoʻshma diplomli mutaxassislar tayyorlashga kelishib olindi.

Shuningdek, Sulton Idris universitetida Malayziya iqtisodiyoti boʻyicha 15 ga yaqin oʻzbekistonlik oʻqituvchi-mutaxassislar uchun 6 oylik maxsus kurslar tashkil qilinadi.