Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filiali talabalari uchun zamonaviy qulayliklarga va o‘quv-labaratoriya jihozlariga ega bo‘lgan ming o‘rinli yangi o‘quv binosi va 240 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy yotoqxonasi qurib foydalanishga topshirildi.
Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy telegram kanalida xabar berildi.
Binoning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Bahodir Po‘latov, professor-o‘qituvchilar, talabalar, ota-onalar, mahalla oqsoqollari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
36 milliard so‘m evaziga barpo etilgan ushbu oliy ta’lim muassasasi termizlik talabalar uchun haqiqiy sovg‘a bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi PQ-2909-sonli qarori asosida tashkil etilgan.
Filialda hozirda 2 ta fakultetda 13 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 722 nafar talaba tahsil olmoqda.