Toshkent arxitektura-qurilish institutida birinchi talabalar kovorking-markazi tashkil etildi


Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ko‘magida Toshkent arxitektura-qurilish institutida birinchi talabalar kovorking-markazi tashkil etildi , deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

“Yoshlar kelajagimiz" davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining moliyaviy ko‘magida Toshkent arxitektura-qurilish institutida talabalar kovorking markazi tashkil etildi.

Bu respublika OTMlari orasida birinchi kovorking markazi hisoblanadi.

Kovorking markazida talabalar qiziqarli arxitektura loyihalar ustida ishlashlari, mustaqil yoki guruh bilan ishlagan holda tajriba almashish va o‘z g‘oyalarini rivojlantirishi, jamoat ishlari bilan shug‘ullanishlari mumkin.

E’tiborlisi, kovorking markazining dizayn loyihasidan tortib, to xonaning ichki bezagigacha bo‘lgan ishlarni institut talabalarining o‘zi ustozlari bilan birgalikda amalga oshirishgan.

Markaz har xil shaklga ega bo‘ladigan (transformer) mebel, taqdimot uskunalari, markerli taxta (doska)lar bilan jihozlangan hamda arxitektorlar uchun barcha zamonaviy dasturlar o‘rnatilgan ikkita alohida kompyuter xonalari mavjud.