Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutiga Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxobov rektor etib tayinlangan. Bu haqda prezident o‘tkazayotgan yig‘ilishda aytilgan.
Yig‘ilishda to‘qimachilik sohasida mutaxassislar tayyorlash, ilm va izlanish bo‘yicha To‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda O‘zbekiston-Koreya to‘qimachilik texnoparki yaxlit tizim asosida ishlashi belgilangan.
Institutda yangi o‘quv yilidan:
- 3 va 4-kurs talabalarini o‘qitishda «dual» ta’lim tizimi joriy qilinadi. Endi ular haftaning uch kunida institutda nazariy darslar, qolgan uch kunida to‘qimachilik texnoparki va korxonalarda amaliy o‘quv mashg‘ulotlar asosida o‘qitiladi.
- Nufuzli xorijiy to‘qimachilik oliygohlari bilan hamkorlikda kamida 6 ta yo‘nalishda talabalar almashish dasturi yo‘lga qo‘yiladi.
Mutasaddilarga elchilar bilan birga yil yakuniga qadar Turkiya, Koreya va Hindiston kabi ilg‘or tajribaga ega mamlakatlardan 40 nafar malakali o‘qituvchilarni olib kelish topshirilgan.
Shu bilan birga, To‘qimachilik texnoparkini sohaga yangi tajriba va innovatsiyani olib kiradigan markazga aylantirish vazifasi qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, Davron Vahobov shy yil boshida Savdo-sanoat palatasiga rahbar bo‘lgandi.