"To‘maris izdoshlari" jamoaviy guruhlari a’zolari huquq-tartibot organlari oliy ta’lim muassasalariga yakka tartibdagi suhbatsiz (testsiz) o‘qishga kirishi mumkin.
Qonunchilikka ko‘ra, “To‘maris izdoshlari" jamoaviy guruhlari respublikaning barcha tuman (shahar)larida 2 nafardan (kriminogen vaziyat og‘ir bo‘lgan tuman (shahar)larda 3 nafardan) ichki ishlar organlari xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘linmalari huzurida shakllantiriladi.
“To‘maris izdoshlari" jamoaviy guruhlari a’zolari bir yil davomida o‘qish va ish jarayoniga salbiy ta’sir etmagan holda umumiy 360 soat vaqt mobaynida faoliyat olib boradi.
Xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga va xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga munosib hissa qo‘shgan "To‘maris izdoshlari" jamoaviy guruhlari a’zolari Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘ining tavsiyanomasiga asosan huquq-tartibot organlarining oliy ta’lim muassasalariga saralashning barcha bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tganidan so‘ng yakka tartibdagi suhbatsiz (test sinovlarisiz) kvota asosida o‘qishga kirishi mumkin.
Bunda tavsiyanoma berilgan nomzodlar soni belgilangan kvotadan ko‘p bo‘lsa, ularni o‘qishga qabul qilish tanlov natijalari bo‘yicha to‘plangan ballardan kelib chiqib, ajratilgan qabul kvotalari doirasida ketma-ketlik tartibida taqsimlangan holda amalga oshiriladi.
“To‘maris izdoshlari" jamoaviy guruhlarini shakllantirish hamda guruhlarning faol a’zolariga huquq-tartibot organlarining oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli o‘qishga kirish uchun tavsiyanoma berish O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining hamkorligida amalga oshiriladi.