Tojikiston oliygohlarida oʻzbekistonlik talabalar soni 1000 nafardan oshdi


2018-2019 oʻquv yilida Tojikiston Respublikasi oliygohlarida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalar soni 1000 nafardan oshdi. Bu haqda Tojikiston Maorif va ilm vazirligidan maʼlumot berildi. 

Maorif va ilm vazirligi masʼullarining aytishicha, 2017-2018 oʻquv yilida Tojikiston oliygohlarida oʻqiyotgan oʻzbekistonlik talabalar soni bor-yoʻgʻi 40 nafarni tashkil etar edi. 

Tojikistonda oliy maʼlumot uchun taʼlim olayotgan oʻzbekistonlik talabalarning katta qismi pedagogika oliygohlarida oʻqimoqda.

Birgina Dushanbedagi Sadriddin Ayniy nomidagi Tojikiston pedagogika universitetida joriy yil Oʻzbekistondan kelib oʻqiyotgan talabalar soni 512 nafarga yetgan.

Shuningdek, akademik Bobojon Gʻafurov nomidagi Xoʻjand davlat universitetida oʻqiyotgan talabalar soni ham yuzdan oshadi.

Tojikiston Maorif va ilm vazirligi masʼullarining aytishicha, aksariyat oʻzbekistonlik talabalar Tojikiston oliygohlarining turli mutaxassisliklarida rus va tojik tilida taʼlim olmoqda.

Baʼzi oliygohlar qoshida oʻzbekistonlik talabalar uchun maxsus tojik tilini oʻrgatish bepul kurslari ham tashkil etilgan.