Tibbiyot oliy ta`lim muassalari 6 yillik ta`lim tizimiga o'tadi


Prezident Shavkat Mirziyoyev "O‘zbekiston Respublikasida tibbiy ta`lim tizimini isloh qilish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Qarorni imzoladi. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmatida xabar berildi deb yozadi kun.uz nashri.

Mazkur hujjat qabul qilinishidan maqsad - tibbiy ta`lim sifatini oshirish, oliy va o‘rta maxsus professional tibbiy ta`lim tizimini eng yaxshi xalqaro tajribalar darajasida bosqichma-bosqich shakllantirish, tibbiy yordam sifatini oshirish.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatildi:

  • tibbiy ta`lim muassasalari, shuningdek OTMdan keyingi ta`lim tizimi, mutaxassislar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashning uslubiy boshqaruvi orqali tibbiy kadrlarni tayyorlash sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;
  • oliy va o‘rta maxsus professional tibbiy ta`lim, malaka oshirish uchun davlat ta`lim standartlari va talablarini ishlab chiqish va ularning ijrosini ta`minlash;
  • sog‘liqni saqlash mutaxassislarini qayta tayyorlash, shuningdek oliy toifali ilmiy-pedagogik tibbiy kadrlarni tayyorlash;
  • o‘qish davrida profil va ixtisoslashgan predmetlar, klinik ta`lim tajribasi bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini kengaytirish hisobiga tibbiy ta`lim muassasalarida tahsil oluvchi o‘quvchi va talabalarning nazariy hamda amaliy tayyorgarligini yaxshilashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar majmuini amalga oshirish;
  • tibbiyotni rivojlantirishning zamonaviy yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlarini o‘tkazish uchun professor-pedagoglar tarkibi, bakalavr va magistratura talabalari hamda klinik ordinatorlarni keng jalb qilish;

Qaror quyidagilarni ko‘zda tutadi:

  • tor mutaxassisliklar bo‘yicha oliy toifali tibbiy kadrlarni tayyorlashni keng yo‘lga qo‘yish tizimi: magistratura ta`limi - 2-3 yil;
  • klinik ordinatura mutaxassisliklari bo‘yicha malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimi - 2 yil;
  • bakalavr bosqichida ta`limning klinikagacha va klinik bloklar bo‘yicha o‘quv soatlari ulushini 85 foizga oshirish, shu jumladan klinik ta`lim tajribasi uchun gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy bloklar bo‘yicha o‘quv soatlarini ta`lim davrining umumiy hajmidan 7 foizgacha qisqartirish.

2017-2018 o‘quv yilidan boshlab o‘rta maxsus professional tibbiy ta`limning yo‘nalishlari belgilab berildi - "hamshiralik ishi", "stomatologiya ishi", "tibbiy profilaktika", "labaratoriya diagnostikasi" va "farmatsiya".

Hozirda bakalavrning "davolash ishi", "professional ta`lim" (davolash ishi), "harbiy-tibbiy ta`lim" (davolash ishi), "pediatriya ishi" yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olayotgan 2-5 kurs talabalari uchun ta`lim 6 yillik asosiy tibbiy ta`limni ta`minlovchi moslashtirilgan o‘quv rejalari bo‘yicha o‘tkaziladi.

Shuningdek tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga bu borada bir qator vazifalar yuklatildi.