Mamlakatimizda har yili tibbiyot oliygohlarini 2,5 ming atrofida talaba bitiradi va bu shifokorlarga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlash uchun yetarli emas. Shu bois Prezident Shavkat Mirziyoyev kelgusi yilda tibbiyot oliygohlari bo‘lmagan Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Navoiy, Sirdaryo viloyatlarida tibbiyot oliygohlarining filiallari yoki fakultetlari va klinik bazalarini, jumladan, nufuzli xorijiy tibbiyot oliygohlarining qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi.
Xususan, tegishli mutasaddilarga Toshkent viloyatida tibbiyot oliygohi tashkil etish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.
Bunda poytaxtimizdagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari - Toshkent shahri, Sirdaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlariga;
Andijon tibbiyot instituti – Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlariga;
Samarqand tibbiyot instituti – Samarqand, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlariga;
Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti – Qoraqalpog‘iston Respublikasiga;
Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali – Xorazmdagi tibbiyot muassasalariga biriktirilib, ularning bitiruvchi kurs talabalari amaliyotini bevosita o‘zlari biriktirilgan hududda o‘taydi va diplomni shu yerdan oladi, - dedi Prezident.