Kirish test sinovlari tizimining eskirganligi qayd etildi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’lim sohasini isloh qilish, kasb-hunar ta’limi tizimini yanada rivojlantirish va oliy ta’limning bakalavr yo‘nalishiga qabul bo‘yicha test sinovlarini takomillashtirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, tegishli vazirlik va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Prezident sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha ota-onalar va o‘quvchilarning fiklarnini inobatga olish, ular bilan «ochiq eshiklar» kunlari kabi tadbirlar tashkil qilib, uchrashuvlar o‘tkazish kerakligini alohida ta’kidladi.

2016/2017 o‘quv yilida 466 mingdan ortiq o‘quvchilar umumta’lim maktablarini tamomlagan bo‘lib, shundan 170 mingdan ziyodi kasb-hunar kollejlariga o‘qishga kirgan. 288 ming, ya’ni oltmish foizidan ortig‘i 10-sinflarda o‘qishlarini davom etirmoqda.

Yig‘ilishda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar muhokama qilinar ekan, yoshlarning kasb-hunar egalashi, o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Maktablar oldiga qo‘yilayotgan talablardan biri – yuqori malakali, sohasining bilimdoni bo‘lgan o‘qituvchi-pedagoglar bazasini shakllantirish bilan birgalikda, maktabda chet tilini xam o‘qitishdir. Bu kabi ixtisoslashgan maktablarning tashkil etilayotgani yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.

Yig‘ilishda hududlar imkoniyati va salohiyatini o‘rgangan holda 8-9-sinf o‘quvchilarini kasbga yo‘naltirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Bu ta’limning keyingi bosqichida o‘quvchilarning hunar egallashida yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Endilikda umumta’lim maktablari bitiruvchilarini ellikka yaqin kasbga o‘rgatish yo‘lga quyiladi. Buning uchun kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari negizida zamonaviy jihozlangan o‘quv ishlab chiqarish markazlari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, ba’zi kasb-hunar kollejlari tegishli vazirlik va idoralarga korxona va tashkilotlarga biriktiriladi.

Shavkat Mirziyoyev soha rahbarlariga bu borada joylarga chiqib qaysi hududga qanday soha bo‘yicha mutaxassislar zarurligini o‘rganib chiqish vazifasini topshirdi.

Yig‘ilishda ta’lim muassasalari bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlarini takomillashtirish, yoshlarga zamonaviy talablar asosida ta’lim berish bugungi kunning asosiy masalalaridan biridir. Bu borada oliy ta’lim muassasalariga bo‘ladigan test sinovlarining ochiq va oshkoraligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Davlatimiz rahbari oliy ta’lim muassasalarining bakalavr yo‘nalishiga bo‘ladigan test sinovlarini takomillashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish, bunda rivojlangan xorijiy davlatlarda sinovdan o‘tgan eng ilg‘or tajribalarni tatbiq etish, test sinovlarining shaffofligini ta’minlash yuzasidan ham ko‘rsatmalar berdi.

Yig‘ilishda yoshlarda oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga bo‘lgan talabning oshib borayotganini, bunda muhim bo‘lgan test sinovlari tizimining esa eskirgani qayd etildi.

Mirziyoyev mutassadi rahbarlarga ta’lim tizimini takomilashtirish, o‘quv adabiyotlari bilan sifatli ta’minlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalasida tegishli topshiriqlar berdi.


Manba:  sof.uz