Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti tashkil etiladi


Surxondaryoda Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiali negizida Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti tashkil etiladi. Bu haqda bugun 28 oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev tomonidan tegishli qaror imzolangan.

Qarorda yozilishicha, Surxondaryo viloyatining tuproq-iqlim sharoitida qishloq xo‘jaligi ekinlaridan, meva va sabzavotlardan yuqori hosil olish, ilg‘or, intensiv agrotexnologiyalarni joriy qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega oliy ma'lumotli mutaxassis kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish maqsadida Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti tashkil etiladi.

Qayd etilishicha, Termizda Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiali negizida yangi OTM — Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutini tashkil etish taklifi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan berilgan.

Institutda 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab bakalavriat ta'lim yo‘nalishlarida ta'limning kredit-modul tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda talabalar uchun haftaning shanba kuni mustaqil o‘zlashtirish kuni deb belgilanadi.

Institutda 2022 yilda Jahon banki mablag‘lari hisobidan talabalar, magistrlar va ilmiy izlanuvchilar hamda yosh professor-o‘qituvchilarning ilmiy ishlanmalari asosida loyihalar startaplarini yaratish va amaliyotga tatbiq etish bilan shug‘ullanuvchi “IT-inkubator" ilmiy innovatsion markazi tashkil etiladi.

Institutda 1 ta yangi bakalavriat ta'lim yo‘nalishi hamda 8 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Xususan, dorivor o‘simliklar, o‘simliklarning himoyasi, seleksiya va urug‘chilik, sabzavotchilik va polizchilik, sholichilik, agrokimyo, agronomiya kabi mutaxassisliklarda kadrlar tayyorlanadi.

Institutni budjet mablag‘lari hisobidan saqlash xarajatlari 2021 yilda Qishloq xo‘jaligi vazirligiga ajratilgan mablag‘lari doirasida amalga oshiriladi. 2022 yildan boshlab esa davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

Institut faoliyati Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.