Oliy ta’lim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi ishlab chiqildi.
Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Qaror loyihasida pedagog xodimlar toifasi, lavozimlari tanlov bo‘yicha egallanadigan pedagog xodimlar va tanlov qatnashchilariga qo‘yiladigan malaka talablari tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi, shartlari va muddati, mehnat shartnomasi (kontrakt)ni tuzish, o‘zgartirish va to‘xtatish tartibi hamda vacancy.edu.uz platformasi orqali arizalar topshirish sxemalari tasdiqlanmoqda.
Quyidagi shaxslarga pedagog sifatida faoliyat olib borish taqiqlanadi:
- tegishli ma’lumoti va kasb tayyorgarligi bo‘lmagan;
- sudning qaroriga asosan muayyan huquqdan mahrum qilingan;
- sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb e’tirof etilgan;
- psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida hisobda turgan;
- pedagoglik faoliyatini amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan kasallikka chalingan.
Mazkur bandning ikkinchi, to‘rtinchi va beshinchi xatboshilarida keltirib o‘tilgan holatlar bartaraf etilganda pedagog sifatida faoliyat olib borishiga ruxsat beriladi.
Oliy ta’lim tashkiloti rahbariga oliy ta’lim tashkiloti (fakultet) kengashida ko‘rib chiqish uchun pedagog xodimlarning egallab turgan lavozimlariga muvofiqligi to‘g‘risidagi masalani kiritish huquqi beriladi.
Oliy ta’lim tashkiloti (fakultet) kengashida pedagog xodimning egallab turgan lavozimiga muvofiqligi to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishdan oldin uning faoliyati oliy ta’lim tashkiloti rahbarining buyrug‘i bilan tasdiqlanadigan komissiya tomonidan o‘rganiladi. Kengash qarori asosida pedagog xodimni egallab turgan lavozimidan ozod qilishga uning o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va ma’naviy-ma’rifiy (tarbiyaviy) yo‘nalishlarda amalga oshirgan ishlari qoniqarsiz deb topilgan taqdirda u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi belgilangan tartibda bekor qilinadi.