Nizomga ko‘ra, respublika OTMlari bakalavriatiga qabul bo‘yicha davlat buyurtmasi parametrlariga qo‘shimcha ravishda tavsiyanomaga ega abituriyentlar uchun alohida kvota belgilanadi.
Alohida qabul ko‘rsatkichlari har bir OTM bakalavriatiga davlat buyurtmasi parametrlarining besh foizini tashkil etadi.
Tavsiyanomaga ega abituriyentlar talabalikka tavsiya etilishi uchun, to‘plash mumkin bo‘lgan ballning 30 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda ball yig‘ishi talab etiladi.
Ular o‘zlari tanlagan uch yo‘nalishdan faqat birinchisida alohida kvota doirasida tanlovda qatnashadi. Birinchi tanlagan yo‘nalishlarida o‘qishga kira olmagan taqdirda, keyingi yo‘nalishlarda umumiy tartibda tanlovda ishtirok etadi.
Ya'ni tavsiyanomaga ega abituriyent birinchi tanlagan yo‘nalishiga imtihondan yiqilgan taqdirda, ikkinchi va uchinchi yo‘nalishlarda o‘qishga kirish uchun barcha abituriyentlar bilan umumiy raqobatga qo‘shiladi.
Nizomda belgilanishicha, tavsiyanomaga ega abituriyentlar barcha ta'lim shakllari (kunduzgi, kechki, sirtqi) bo‘yicha o‘qishga kirish uchun hujjat topshirish huquqiga ega.
Qayd etish joiz, mazkur nizom talablari oliy harbiy ta'lim muassasalari, O‘zbekistondagi xorijiy OTMlar va ularning filiallari, shuningdek, nodavlat OTMlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.