UzBMBning mandat.uzbmb.uz saytida imtiyozli toifadagi abituriyentlar uchun o‘tish ballari e’lon qilindi. Joriy yilda, avvalroq taxmin qilganimizdek, tavsiyanoma olgan ehtiyojmand xotin-qizlar uchun o‘tish ballari keskin pasayganini ko‘rish mumkin.
Bunga asosiy sabab joriy yil ushbu toifa uchun kvota 2 baravar oshirilgani bo‘ldi. Ya’ni avvalgi yillarda 2 mingta kvota berilar edi, joriy yilda 4 mingta kvota berildi.
Bundan tashqari joriy yilda kvotalar taqsimoti sohalar kesimida ham o‘zgardi, ball yuqori va talab katta bo‘lgan tibbiyot sohasi uchun ko‘proq joy ajratildi.
Xullas, o‘tgan yilgi bilan farqni oson aniqlash uchun jadvalda alohida qatorda ko‘rsatildi.
Eng katta farq Sirdaryo viloyatida tibbiyot sohasi uchun bo‘lgan — naq 80,1 ball tushgan. 2024-yilda Sirdaryo viloyatida tavsiyanoma olgan qizlar uchun tibbiyot sohasiga o‘tish balli 158,3 ball edi, joriy yilda 78,2 ballni tashkil etdi.
Keyingi o‘rinlarda quyidagi hududlarda o‘tish ballari keskin kamaygan:
-
Navoiy (tibbiyot) -77,8 ball
-
Surxondaryo (tibbiyot) -49,4 ball
-
Jizzax (tibbiyot) -46,2 ball
O‘z navbatida ayrim hududlarda o‘tish ballari oshgan. Masalan, Toshkent shahar uchun boshqa sohalar kategoriyasida o‘tish balli o‘tgan yilga qaraganda 34,5 ballga oshgan. Bunga asosan filologiya va xorijiy tillariga qiziqish yuqori bo‘lgani sabab bo‘lgan.
Nima uchun tavsiyanomasi bor xotin-qizlarga ball qo‘shilmadi?
Javob: Hamma imtiyozlar hisoblangan, agar siz o‘qishga kira olmagan bo‘lsangiz, demak to‘plagan balingiz yetmagan.
Birinchidan, bu imtiyoz (tavsiyanoma) hech qanaqa ball qo‘shib bermaydi
Ko‘pchilik 4% ball qo‘shilishi kerak edi, nega qo‘shilmapti, deb xato tushungan. Kutib o‘tirmang, sizga hech qanaqa ball qo‘shilmaydi.
Ikkinchidan, xotin-qizlar tavsiyanomasi bor abituriyentlar 100% o‘qishga kiradi, degani emas.
Tavsiyanoma olgan xotin-qizlar uchun 2025-yilgi o‘tish balli yuqoridagi suratda ko‘rsatilgan. Mana shu balldan kam olganlarga imtiyoz qo‘llanmagan.