Toshkent shahridagi INHA universiteti tashkil etilganining besh yilligi hamda ilk bitiruvchilarga diplom topshirish marosimi katta tantana bilan nishonlandi. Marosimga Koreya Respublikasidagi INHA universiteti prezidenti boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Shuningdek, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri birinchi o‘rinbosari Kongratbay Sharipov hamda tegishli vazirlik va idoralar, respublikamizdagi texnologik kompaniyalar rahbarlari, bitiruvchilarning ota-onalari ishtirok etdi.
«Bu yil 242 nafar talabadan 88 nafari axborot va kommunikatsiya injiniringi fakultetini, 114 nafari esa informatika va dasturiy ta’minot fakultetini muvaffaqiyatli tamomladi. Ular barcha kurslarni tugatishdi va Koreyadagi INHA universiteti hamda IUT tomonidan qo‘yilgan har qanday talabga javob bera oladigan mutaxassis bo‘lib yetishishdi. Fursatdan foydalanib, men INHA universitetiga hamda O‘zbekiston AKTni rivojlantirish vaziriga Toshkent shahridagi INHA universitetini rivojlantirishga doimiy ravishda hissa qo‘shgani va qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildiraman», dedi INHA universiteti prezidenti Myong Vu Cho.
«Qadrli bitiruvchilar! Sizlarga qarab ayni damda, qani edi yoshlik davrim qaytib kelsa-yu sizlar kabi shunday imkoniyatlardan foydalangan holda zamonaviy bilimlarni o‘qib-o‘rgansam, degan fikr o‘tdi xayolimdan. Sizlar eng baxtli insonsizlar, sababi siz egallagan mutaxassislik bugun jamiyatimizning har bir sohasida suv va havodek zarur, taraqqiyotni belgilab beruvchi kuchga aylangan. IUT – O‘zbekiston va Koreya hukumatlari, shuningdek, INHA universiteti tomonidan ta’lim sohasida yaratilgan dunyo miqyosidagi hamkorlikka aylandi», dedi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov.
«Men ham INHA universitetining mexanik injiniring mutaxassisligi bo‘yicha bitiruvchisiman. Aziz bitiruvchilar, qo‘lingizdagi INHA universiteti diplomi bilan endilikda siz ikki universitet bitiruvchisi bo‘ldingiz. Universitetda o‘rgangan bilimlaringiz bilan jamiyat rivojiga o‘z hissangizni qo‘shishingiz kerakligini va ikki universitet yanada gullab-yashnashda davom etishini duo qilishni unutmang. Biz sizlarni qo‘llab-quvvatlashdan to‘xtamaymiz», dedi Koreya Milliy Assambleyasining ta’lim qo‘mitasi raisi Li Chan Yol.
Marosimda bitiruvchilar IUT tarixida birinchi marotaba ikkita – INHA universiteti (Koreya Respublikasi) va Toshkent shahridagi INHA universiteti diplomlariga ega bo‘lishdi. Diplomlarni ularga INHA universiteti prezidenti Myong Vu Cho hamda IUT rektori v.b. Muzaffar Jalolov tantanali topshirdi.
Shuningdek, o‘qish davomida tengdoshlariga o‘rnak ko‘rsatgan bir necha talabalar maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Manba: xabar.uz