AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov xalq ta'limi sohasiga xususiy sektorni jalb qilish masalasi haqida gapirdi.
“Xalq ta'limi sohasiga xususiy sektorni jalb qilish bo‘yicha vazifa qo‘yildiki, maktabgacha ta'lim sohasida xususiy sektor ancha oldinga ketdi. Chunki juda katta yordam berildi, imtiyozli kreditlar berildi, juda katta islohotlar bo‘ldi.
Tuman markazlarida ayrim maktablarda ta'lim sifati bo‘yicha koeffitsiyent yuqori. Hamma bu yerga o‘z farzandini berishga harakat qiladi. Lekin ba'zi bir maktablar bor, tuman markazida bo‘lib turib, koeffitsiyenti ancha past, moddiy-texnik ahvoli ham xarob. Unga hozir qo‘shimcha investitsiya ajratish imkoniyati ham yo‘qdir.
Agar shunday holatda biror tadbirkor o‘zi sarmoya kiritib, maktabning obro‘sini ko‘tarib, u yerda yana xususiy maktab ochaman, deydigan bo‘lsa, davlat budjetidan ajratilayotgan pullar ham shundoqligicha qoldirilishiga ruxsat beriladi. Shu paytgacha bunday imkoniyat yo‘q edi. Ya'ni xususiy maktab qayerdadir bizning bo‘sh turgan binoni olmoqchi bo‘lsa, hammasini o‘zining yonidan qo‘shishi kerak edi. Hozir agar bu yerga davlat budjetidan muayyan miqdorda pul ajratilyaptimi, o‘shani ham qoldirib, undan ham zo‘r sharoit qilish majburiyati bilan berish imkoniyati ko‘zda tutilyapti.
Buni ham darrov boshqacha talqin qilish kerak emas: maktablarni sotib yuborishmoqchi va hokazo. Bunday gap bo‘lishi mumkin emas. Maqsad – xususiy sektorni imkon boricha ta'lim sohasiga investitsiya qilishga jalb etish, qiziqtirish.
Ta'limni ham investitsiya jalb qiladigan yo‘nalishga aylantirishimiz kerak. Shunda respublikada investitsiya mablag‘lari ham, mahalliy hokimiyatlarning o‘zida qoladigan mablag‘lari ham, kerak bo‘lsa, xususiy sektorning mablag‘i ham kelib, hamma ta'limga investitsiya qiladigan bo‘lsa, haqiqatda prezidentimiz aytganlaridek, maktabga, maktab ta'limiga yordam berish – haqiqiy umummilliy harakatga aylanib boradi", deya Sherzod Shermatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.