Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi talabalarni ogohlantirdi


Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ogohlantiradi:

Firibgarlardan ehtiyot bo‘ling!

Ba’zi internet saytlarida Toshkentda yangi institut tashkil qilingani, hatto unga 2019 yilda imtihonlarsiz grant asosida talaba bo‘lish mumkinligi haqidagi turli reklama materiallari chop etildi. Xo‘sh, bu qanchalik rost? Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bunga oydinlik kiritdi.

Davlat inspeksiyasi Toshkentda yangi institut tashkil qilinganini rad etdi.

Yaqinda ayrim saytlarda Toshkent shahrida yangi “Toshkent biznesni rivojlantirish va boshqarish instituti" tashkil etilganligi va 2018-2019 o‘quv yili uchun dastlabki talabalarni qabul qilishi rejalashtirilgani e’lon qilindi. Unga ko‘ra, institut go‘yoki, biznes sohasida yetuk va sifatli kadrlarni tayyorlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan ayrim saytlarda e’lon qilingan “Toshkentda yangi institut tashkil qilindi! Qanday qilib 2019 yilda imtihonlarsiz grant asosida talaba bo‘lish mumkin?" mavzusidagi Toshkent biznesni rivojlantirish va boshqarish instituti nodavlat oliy ta’lim muassasasini tashkil etilishi haqidagi maqola materiallari bo‘yicha e’lon o‘rganib chiqildi.

Ta’kidlab o‘tish joizki, «TOShKENT BIZNESNI RIVOJLANTIRISh VA BOShQARISh INSTITUTI Nodavlat oliy ta’lim muassasasi» hamda uning qoshida tashkil qilingan «BUSINESS SCHOOL» O‘QUV MARKAZI»ga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan litsenziya berilmagan va mazkur muassasa Inspeksiyaga litsenziya olish uchun ham murojaat qilmagan.