Talabaning fan bo‘yicha o‘zlashtirishini baholashda yangi namunaviy mezonlar tavsiya etilmoqda


Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Oliy va o‘rta maxsus ta`lim vazirining “Oliy ta`lim muassasalarida talabalar o‘zlashtirishini baholash tizimi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida"gi buyrug‘i loyihasi joylashtirildi.

Nizomga ko‘ra, har bir ishchi fan dasturi mashg‘ulot va baholash turlari, ularning shakllari va mezonlari ko‘rsatilgan holda kafedra mudiri tavsiyasi bilan oliy ta`lim muassasasi (fakultet)ning o‘quv-uslubiy kengashida muhokama etiladi va oliy ta`lim muassasasi o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori (o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari) tomonidan tasdiqlanadi.

Fan bo‘yicha baholash turlari, shakllari, tartibi, soni hamda mezonlari haqidagi ma`lumotlar talabalarga professor-o‘qituvchilar tomonidan dastlabki mashg‘ulotlarda e`lon qilinadi.

Talabalarning fan bo‘yicha o‘zlashtirishi oraliq va yakuniy baholash turlari orqali aniqlanadi.

Oraliq baholash (OB) - semestr davomida ishchi fan dasturining tegishli (fanning bir necha mavzularini o‘z ichiga olgan) bo‘limi tugagandan keyin talabaning bilim va amaliy ko‘nikma darajasini aniqlash turi hisoblanadi.

Yakuniy baholash (YaB) - semestr yakunida (tibbiyot oliy ta`lim muassasalarida fan yakunida) muayyan fan bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarning talaba tomonidan  o‘zlashtirish darajasini aniqlash turi hisoblanadi.

Talabalar o‘zlashtirishini baholash yozma ish shaklida o‘tkazilganda:

yozma ishning mazmuni mantiqiy bayon etilganligi;
savol va topshiriqlarning yechimiga yangicha uslubda yondashilganligi;
yozma ishni xato va nuqsonsiz bajarilganligi e`tiborga olinadi.

Tibbiyot oliy ta`lim muassasalari uchun OB va YaB klinik fanlar bo‘yicha - OSCE (obektiv tizimlashtirilgan klinik sinov) yoki nazariy fanlar bo‘yicha - OSE (obektiv tizimlashtirilgan imtihon), yozma, og‘zaki, test yoki ularning kombinatsiyalangan  shakllarida o‘tkaziladi.

Talabalarning har bir semestrda fanlarni o‘zlashtirishi har bir baholash turlari bo‘yicha: 5 (a`lo), 4 (yaxshi), 3 (qoniqarli) va 2 (qoniqarsiz) ko‘rinishida baholanadi. 5, 4 va 3 baholar ijobiy hisoblanadi. Baholashda raqam va matn bir xil talqin etiladi.

Malakaviy amaliyot, kurs ishi (loyihasi), fan (fanlararo) davlat attestatsiyasi, bitiruv malakaviy ishi, shuningdek magistraturada ilmiy-tadqiqot va ilmiy-pedagogik ishlar hamda magistrlik dissertatsiyasi bo‘yicha talabalar o‘zlashtirishi ham yuqoridagi baholash turlari bo‘yicha baholanadi.

Talabaning fan bo‘yicha o‘zlashtirishini baholashda quyidagi namunaviy mezonlar tavsiya etiladi:

5 (a`lo) baho:

xulosa va qaror qabul qilish;
ijodiy fikrlay olish;
mustaqil mushohada yurita olish;
olgan bilimlarini amalda qo‘llay olish;
mohiyatini tushunish;
bilish, ifodalash, aytib berish;
fan bo‘yicha tasavvurga ega bo‘lish.

4 (yaxshi) baho:

mustaqil mushohada yurita olish;
olgan bilimlarini amalda qo‘llay olish;
mohiyatini tushunish;
bilish, ifodalash, aytib berish;
fan bo‘yicha tasavvurga ega bo‘lish.

3 (qoniqarli) baho:

mohiyatini tushunish;
bilish, ifodalash, aytib berish;
tasavvurga ega bo‘lish.

2 (qoniqarsiz) baho:

fan dasturni o‘zlashtirmaganlik;
fanning mohiyatini bilmaslik;
aniq tasavvurga ega bo‘lmaslik;
mustaqil fikrlay olmaslik.

Baholashlarni ushbu fandan o‘quv mashg‘ulotlarini olib borgan professor-o‘qituvchilar o‘tkazadi (tibbiyot oliy ta`lim muassasalarida OB va YaBlar kafedrada tashkil etilgan komissiya tomonidan o‘tkaziladi).

Kuzgi semestr natijalari bo‘yicha akademik qarzdorligi 3 tagacha bo‘lgan  talabalarga bir oygacha, bahorgi semestr natijalari bo‘yicha akademik qarzdorligi 3 tagacha bo‘lgan talabalarga, bitiruvchi kursdan boshqa kurs talabalariga yangi o‘quv yili boshidan qayta topshirishga qo‘shimcha bir oy muddat beriladi. Akademik qarzdorligi 4 ta va undan yuqori bo‘lgan talabalarga qayta topshirishga ruxsat berilmaydi va rektor (direktor)ning buyrug‘i bilan kursdan qoldiriladi. Bahorgi semestr natijalari bo‘yicha bitiruvchi kurs talabalariga o‘zlashtirmagan fanlarini (akademik qarzdorlikni) qayta topshirish uchun yakuniy davlat attestatsiyasigacha bo‘lgan muddat beriladi.

Berilgan muddatda akademik qarzdorlikni qayta topshirishlar soni 2 martadan oshmasligi kerak. Ikkinchi qayta topshirish fakultet dekani tasdiqlagan komissiya tomonidan qabul qilinadi.

Manba: kun.uz