Reyting daftarchasi, talabalarning qayd varaqasi, o‘qituvchilar dars rejasi, jurnali hamda talabalar jurnalini yuritishda qog‘oz ko‘rinishidan butunlay voz kechiladi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov ma'lum qildi.
«Oliy ta'lim muassasalarida ta'lim jarayoni to‘liq kredit-modul tizimiga o‘tgach, barcha ishlar elektron shaklga o‘tkaziladi. Reyting daftarchasi, talabalarning qayd varaqasi, o‘qituvchilar dars rejasi, jurnali hamda talabalar jurnalini yuritishda qog‘oz ko‘rinishidan butunlay voz kechiladi», – dedi u 1 fevral kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Boshqarma boshlig‘iga ko‘ra, elektron shaklda baholar bo‘yicha ham shaffoflik yaratiladi.
«O‘qituvchi baholarni qachon qo‘yishi, qanday asoslarga ko‘ra baholanishi aniq bo‘ladi va belgilangan muddat o‘tgach, o‘qituvchi bahoni o‘zgartirishiga imkon bo‘lmaydi. Hattoki qaysidir sabab bilan o‘zgartirilsa ham, bu haqdagi ma'lumotlarni saqlab qoladigan tizim yaratilmoqda», – dedi Xoliqov.