Talabalarning bilimi 5 ballik tizimda baholanadi


Oliy taʼlim muassasalarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholash tizimi toʻgʻrisidagi nizom Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

Nizomga muvofiq talabalar bilimini nazorat qilish oraliq va yakuniy nazorat turlarini oʻtkazish orqali amalga oshiriladi. Oraliq nazorat har bir fan boʻyicha 2 martagacha oʻtkazilishi mumkin.

Yakuniy nazorat turi semestr yakunida (tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida fan yakunida) oʻtkaziladi.

Talabalarning bilimi 5 ballik tizimda quyidagi mezonlar asosida baholanadi:

  • talaba mustaqil xulosa va qaror qabul qiladi, ijodiy fikrlay oladi, mustaqil mushohada yuritadi, olgan bilimini amalda qoʻllay oladi, fanning mohiyatini tushunadi, biladi, ifodalay oladi, aytib beradi hamda fan boʻyicha tasavvurga ega deb topilganda – 5 (aʼlo) baho;
  • talaba mustaqil mushohada yuritadi, olgan bilimini amalda qoʻllay oladi, fanning mohiyatni tushunadi, biladi, ifodalay oladi, aytib beradi hamda fan boʻyicha tasavvurga ega deb topilganda – 4 (yaxshi) baho;
  • talaba olgan bilimini amalda qoʻllay oladi, fanning mohiyatni tushunadi, biladi, ifodalay oladi, aytib beradi hamda fan boʻyicha tasavvurga ega deb topilganda – 3 (qoniqarli) baho;
  • talaba fan dasturini oʻzlashtirmagan, fanning (mavzuning) mohiyatini tushunmaydi hamda fan boʻyicha tasavvurga ega emas deb topilganda – 2 (qoniqarsiz) baho bilan baholanadi.

Tegishli fan boʻyicha oʻquv mashgʻulotlarini olib borgan professor-oʻqituvchi yakuniy nazorat turini oʻtkazishda ishtirok etishi taqiqlanadi.

Oraliq nazoratni topshirmagan yoki “2" baho olgan talaba yakuniy nazorat turiga kiritilmaydi.

Yakuniy nazoratga kirmagan yoki kiritilmagan, shuningdek ushbu “2" baho olgan talaba akademik qarzdor hisoblanadi.

Bir kunda 1 tadan ortiq fan boʻyicha yakuniy nazorat turi oʻtkazilmaydi.

Baholash natijasidan norozi boʻlgan talabalar natija eʼlon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat davomida fakultet dekani tomonidan tashkil etiladigan Apellyatsiya komissiyasiga apellyatsiya berish huquqiga ega.


Manba: @huquqiyaxborot