Talabalar, yoshlar va ta'lim xarajatlari: 2022 yilda kelajak uchun qancha mablag‘ sarflanadi?


2022 yilda Oliy ta'lim va xalq ta'limiga o‘tgan yilga nisbatan ko‘proq pul sarflanadi. Yoshlar va ta'lim uchun esa bir nechta yo‘nalishda budjetdan mablag‘ ajratilishi kutilmoqda.

Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

2022 yil uchun davlat budjeti daromadlari 200 trillion so‘m, xarajatlari esa 215,4 trillion so‘m miqdorida bo‘lishi rejalashtirilyapti.

Kelayotgan yilda ta'lim va yoshlar uchun ajratilgan mablag‘larni 2021 yilga nisbatan qanchalik farq qilishini tahlil qilindi.

Oliy ta'limga o‘tgan yilga nisbatan ko‘proq mablag‘ ajratiladi

2022 yilda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga 4,1 trln so‘m ajratiladi.

Bu mablag‘ 2021 yilda 2,9 trln so‘mni tashkil etgan. Kelayotgan yilda oliy ta'limga 1,1 trln so‘m ko‘proq mablag‘ sarflanishi kutilmoqda.

Talabalar turar joylari va «Yoshlar daftari»ga mablag‘lar:

  • 2022 yilda Oliy ta'limga ajratilgan mablag‘lar hisobidan davlat-xususiy sheriklik va davlat oliy ta'lim muassasasining buyurtmasi asosida talabalar turar joyini barpo etish bo‘yicha loyihalarga subsidiyalar uchun — 178 mlrd so‘m;
  • «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarga amaliyot o‘tagan vaqtida bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida har oylik subsidiyalar uchun — 14,6 mlrd so‘m ajratilmoqda.

Aytish kerakki, 2021 yilgi budjet qonunidan yotoqxona bilan qamrab olinmagan va uyda ijara huquqi asosida yashaydigan talabalarning oylik ijara to‘loviga subsidiyalar uchun 72 mlrd so‘m ajratilgan. 2022 yilda ijara subsidiyalari nazarda tutilmagan.

Xalq ta'limi uchun o‘tgan yilga nisbatan ko‘proq sarflanadi:

2022 yilda xalq ta'limi vazirligiga 25,8 trln so‘m ajratiladi. Tugayotgan 2021 yilda esa bu mablag‘ 22,1 trln so‘mni tashkil etgan.

Joriy yil maktablarni internet tarmog‘iga ulash uchun 98 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2022 yilda 198 mlrd so‘m sarflanadi.

Kelayotgan yilda Respublika maqsadli kitob jamg‘armasiga transfertlarga 600 mlrd ajratilishi kutilmoqda. 2021 yilda esa bu xarajatlar 208 mlrd so‘m bo‘lgan.

Maktabgacha ta'limga mablag‘lar o‘zgarishsiz qoladi

2021 yilda maktabgacha ta'lim vazirligiga 6,5 trln so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, ushbu mablag‘ 2022 yilda ham o‘zgarishsiz qoldiriladi.

Yoshlar va ta'lim uchun boshqa xarajatlar:

2022 yilda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan yoshlarning xalqaro «IT» sertifikatlarini olish xarajatlarining bir qismini qoplash xarajatlari uchun 4,7 mlrd so‘m ajratiladi;

Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligiga 212 mlrd so‘m, shundan rivojlantirish dasturlari uchun xarajatlar 50 mlrd, yoshlar bandligiga ko‘maklashish va ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish uchun subsidiyalarga 50 mlrd so‘m sarflanadi.

2021 yilda agentlikka 317,9 mlrd so‘m ajratilgandi.




Mutaxassislarni xorijda o‘qitish xarajatlari:

2021 yilda El-yurt umidi jamg‘armasiga mutaxassislarni xorijda tayyorlash uchun 142,6 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lsa, kelayotgan yilda bu mablag‘ 170 mlrd so‘mni tashkil qilishi kutilmoqda.