2026 yilning 6 mart sanasida Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan bayram tadbirida oliy ta’limda o‘qishni istagan mahkumalar uchun yangi imkoniyatlar yaratilishi ma’lum qilindi. Endilikda ular uchun oliygohlarga kirish hamda masofaviy ta’lim olish imkoniyati yo‘lga qo‘yiladi.
Tadbir davomida ta’kidlanishicha, turli sabablar bilan jinoyat sodir etgan ayollar ham jamiyatning bir qismi va shu mamlakat fuqarolari hisoblanadi. Shu bois ularni ijtimoiy hayotga qaytarish va jamiyatga moslashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratish zarurligi qayd etildi.
Qayd etilishicha, jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan ayollarning katta qismi faqat o‘rta ma’lumotga ega, ularning aksarida kasb yoki hunar yo‘q. Shu bilan birga, ayrim mahkumalar oliy ta’lim olish istagini bildirgan.
Shu maqsadda ular bilan individual ishlashga qaratilgan “Yangi hayot” dasturi ishga tushiriladi. Ushbu dastur doirasida ayollar 3 oydan 6 oygacha davom etadigan kasb-hunar kurslarida o‘qitilib, yakunda sertifikat oladi.
Prezident o‘z nutqida ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq hamda zo‘ravonlikka qarshi murosasiz muhit yaratish strategik vazifa ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u xotin-qizlar va bolalarga nisbatan har qanday zo‘ravonlikka qarshi qat’iy tizimli kurash olib borilishini ham bildirdi.
Bundan tashqari, mahkumalarga jazoni ijro etish muassasalarining o‘zida imtihon topshirish, oliygohlarga kirish va masofadan turib ta’lim olish imkoniyati yaratiladi. Kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinganlarga esa foizsiz ssuda ajratiladi. Ushbu mablag‘ni ular jazoni o‘tab bo‘lgach va ishga joylashgandan keyin qaytarish sharti bilan oladi.