Talabalar uchun nomli stipendiyalar roʻyxati yangilandi


Prezident Farmoni (10.08.2023, PF-132) qabul qilindi. Unga ko‘ra PF-555-son Farmon 2-bandiga quyidagi o‘zgarishlar kiritildi.Barcha fanlardan oʻzlashtirish koʻrsatkichlari “aʼlo" (koʻpi bilan 25 foizi “yaxshi") boʻlgan hamda ijodiy ishda qatnashadigan bakalavriat taʼlim yoʻnalishida oʻqiyotgan oxirgi ikki kurs (keyingi oʻrinlarda — yuqori kurs) talabalari uchun quyidagi yo‘nalishlarda nomli davlat stipendiyalari taʼsis etildi.

  • texnika uchun — Beruniy,
  • tibbiyot uchun — Ibn Sino,
  • gumanitar uchun — Navoiy,
  • tasviriy va amaliy sanʼat hamda dizayn uchun — Kamoliddin Behzod,
  • tabiiy yoʻnalishlarda — Ulugʻbek,
  • kinematografiya uchun — Xudoybergan Devonov,
  • tarix va geografiya uchun — Bobur,
  • jismoniy tarbiya va sport uchun — Pahlavon Mahmud,
  • Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida — Imom al-Buxoriy,
  • Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi oliy taʼlim muassasalarida — Toʻlepbergen Qaipbergenov va Ibroyim Yusupov,
  • shuningdek, barcha yoʻnalishlarda — Islom Karimov nomli.

Belgilandiki:

  • Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Kamoliddin Behzod va Ulugʻbek nomli davlat stipendiyalari bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari yuqori kurslarning har ming nafar talabasiga bittadan;
  • Imom al-Buxoriy nomli davlat stipendiyasi Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining uch nafar yuqori kurs talabasiga;
  • Qolgan barcha nomdor stipendiyalar har bir oliy o‘quv yurtining bir nafardan talabasiga berilsin.