Talaba xotin-qizlar uchun soliq imtiyozi kengaytiriladi


Istalgan fuqaro OTMda o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontraktini to‘lab bersa, buning uchun daromad solig‘idan ozod etiladi. Ya’ni bu imtiyoz faqat talabaning ota-onasi yoki eriga nisbatan qo‘llanishi haqidagi qoida bekor qilinadi. Shuningdek, xorijda o‘qiyotgan yoshlarning o‘qishini O‘zbekistondagi oliygohlarga grant asosida ko‘chirishga ruxsat beriladi.

Yangi o‘quv yilidan boshlab, oliygohda o‘qiyotgan xotin-qizlar uchun, kim to‘lashidan qat’i nazar, kontrakt to‘lovi daromad solig‘idan ozod qilinadi. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi. Hozirda bu imtiyoz faqat farzandi va turmush o‘rtog‘i uchun kontrakt to‘laganlargagina taalluqli.

Davlat rahbarining qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashuvda aytishicha, Qoraqalpog‘istonda agro-texnologiyalar va muhandislik yo‘nalishlarida yetakchi xorijiy oliygohlarning filiallari hamda Nukusda Raqamli texnologiyalar instituti ochiladi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda oliy ta’lim qamrovi kelgusi yilda 50 foizga yetkaziladi. Buning uchun chet ellarda o‘qiyotgan o‘zbekistonlik yoshlarning o‘qishini mahalliy oliygohlarga davlat granti asosida ko‘chirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

“Ta’lim sohasining asosiy tayanchi bo‘lgan aziz va mo‘tabar muallim va murabbiylar, oliygoh professor-o‘qituvchilarining mashaqqatli mehnati bundan buyon ham munosib rag‘batlantirib boriladi", – dedi prezidentlikka nomzod.